Jenevadagi Rossiya - Ukraina muzokaralarida asosan hudud masalasi muhokama qilinadi

AQSh Prezidenti Donald Tramp 1945 - yildan buyon qayd etilgan Yevropadagi eng katta urush hisoblangan mojaroni to‘xtatish uchun Moskva bilan Kiyevni kelishib olishga majburlamoqchi.

By
_

Ukrayna bilan Rossiya vakillari seshanba va chorshanba kunlari Jenevada AQSh vositachiligida o‘tkaziladigan yangi tinchlik muzokaralari uchun uchrashadi. Kreml bu safar muzokaralar asosan hudud masalasiga qaratilishini aytmoqda.

AQSh Prezidenti Donald Tramp 1945 - yildan buyon qayd etilgan Yevropadagi eng katta urush hisoblangan mojaroni to‘xtatish uchun Moskva bilan Kiyevni kelishib olishga majburlamoqchi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa mamlakati hozirgacha eng kuchli bosim ostida qolayotgani, undan yon berish talab qilinayotganini ta’kidladi.

Rossiya Moskva qo‘lga kirita olmagan sharqdagi Donetsk viloyatining qolgan 20 foizini Ukraina tark etishini talab qilmoqda, Kiyev esa buni rad etmoqda.

Kreml Matbuot xizmati kotibi Dmitriy Peskov dushanba kuni (16.02.2026) jurnalistlarga bergan bayonotida: “Bu safar ancha kengroq mavzular doirasini, aslida asosiy masalalarni muhokama qilishni rejalashtiryapmiz. Asosiy masalalar hudud masalasini ham, ilgari surgan barcha talablarimizni ham o‘z ichiga oladi”, - dedi.

Oldingi ikki muzokaraga mezbonlik qilgan Abu - Dabidan farqli ravishda, yangi uchrashuv Shveytsariyaning ko‘l bo‘yidagi Jeneva shahrida o‘tkaziladi. Avvalgi muzokaralar “konstruktiv tusda o‘tdi” deb baholanishiga qaramay sezilarli natija bermagan edi.

Muzokaralarning Jeneva bosqichi Rossiya - Ukraina urushi boshlangan 24 - fevraldagi to‘rt yilligi arafasida o‘tkazilmoqda. Shu vaqt ichida o‘n minglab inson halok bo‘ldi, millionlab inson esa o‘z uy - joyini tark etdi, Ukraina shahar va qishloqlarining katta qismi vayronaga aylandi.

Rossiya, Qrim va 2022 - yildan oldin bosib olingan Donbasning ayrim hududlari bilan birga Ukraina hududining qariyb 20 foizini egallab oldi. So‘nggi havo hujumlari energetika infratuzilmasiga ziyon yetkazib, qattiq qish sharoitida yuz minglab ukrainalikni issiqlik va elektrsiz qoldirdi.

Sezilarli yutuq ehtimoli past

Kreml, Rossiya delegatsiyasiga Davlat rahbari Vladimir Putinning maslahatchisi Vladimir Medinskiy rahbarlik qilishini ma’lum qildi. Biroq ukrainalik muzokarachilar ilgari Medinskiyni Rossiya bosqinini oqlash uchun ularga tarix darsi berganlikda ayblashi, bu esa Jenevada muhim natija olinishiga bo‘lgan umidlarni yanada kamaytirmoqda.

Harbiy Razvedka rahbari Igor Kostyukov ham muzokaralarda ishtirok etadi, Putinning maxsus vakili Kirill Dmitriyev esa iqtisodiy masalalarni muhokama qiladigan alohida ishchi guruh tarkibida bo‘ladi.

Zelenskiy shanba kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida so‘zlagan nutqida Jeneva muzokaralari jiddiy va mazmunli o‘tishidan umidvor ekanini bildirar ekan, “rostini aytsam, ba’zida tomonlar mutlaqo turli narsalar haqida gapirayotgandek tuyuladi”, - dedi.

Kiyev delegatsiyasiga Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov hamda Zelenskiyning Bosh maslahatchisi Kirilo Budanov rahbarlik qiladi. Prezidentning yuqori martabali yordamchisi Serhiy Kyslytsya ham ishtirok etadi.

Delegatsiya Jenevaga jo‘nab ketishdan oldin Umerov Ukraina “barqaror va uzoq muddatli tinchlik” maqsadidan voz kechmaganini qayd etdi.

Hudud masalasidan tashqari, tomonlar Zaporojiya AES ustidan nazorat, urushdan keyingi Ukrainada G‘arb harbiylarining ehtimoliy roli kabi masalalarda ham keskin kelishmovchiliklarga ega.

Reuters manbasiga ko‘ra bu hafta Jenevada Eron bilan o‘tkazilgan muzokaralarda ham qatnashgan AQSh vakillari Steve Witkoff va Jared Kushner ham Tramp ma’muriyatidan vakil sifatida muzokaralarda ishtirok etadi.