Suriya armiyasi YPG chekingach, Halabning sharqida joylashgan Dayr Hafirni nazoratga oldi
Armiya qo‘mondonligi bo‘linmalar Frot daryosining g‘arbida joylashgan Maskana va Dibsi Afnan hududlari tomon oldinga siljiy boshlaganini ma’lum qildi.
Suriya armiyasi shanba kuni YPG terror tashkiloti Frot daryosining sharqiga chekinganidan so‘ng, Halab viloyatining sharqida joylashgan Dayr Hafir shahri ustidan to‘liq nazorat o‘rnatilganini e’lon qildi.
Armiya Operatsiyalar qo‘mondonligi SANA axborot agentligiga bergan bayonotida shunday dedi:
“Halabning sharqiy qishloq hududidagi Dayr Hafir shahrida harbiy nazoratimiz to‘liq ta’minlanganini e’lon qilamiz.”
Qo‘mondonlik, bo‘linmalar Frot daryosining g‘arbida joylashgan qo‘shni Maskana va Dibsi Afnan hududlari tomon harakatlana boshlaganini bildirdi.
Shanba kuni avvalroq Suriya armiyasi bo‘linmalari Dayr Hafirdan boshlab Frotning g‘arbiy hududlariga kirishni boshlaganini ma’lum qilgan edi. Xavfsizlik bilan bog‘liq xatarlarni inobatga olib, minalar va urushdan qolgan portlovchi qoldiqlar to‘liq tozalanib, hududlar batamom xavfsiz holga keltirilmaguncha, tinch aholiga belgilangan harbiy amaliyot zonalariga kirmaslik haqida ogohlantirish berilgan.
Bu qadam Frotning g‘arbida olib borilayotgan harbiy amaliyotlar fonida, YPG terror tashkiloti yetakchisi Ferhat Abdi Shahin qurolli guruh a’zolari mahalliy vaqt bilan soat 07:00 dan (04:00 GMT) boshlab daryoning sharqidagi hududlarga chekinishini iddao qilganidan keyin tashlandi.
Suriya armiyasi 13-yanvar kuni Frotning g‘arbiy qismidagi, xususan Dayr Hafir va Maskana hududlarini harbiy zona deb e’lon qilgan, tinch aholini evakuatsiya qilish uchun M15 avtomagistrali bo‘ylab gumanitar yo‘laklar ochganidan so‘ng aniqlangan terror nishonlariga qarshi amaliyot boshlagan edi.
Dushanba kuni armiya Maskana va Dayr Hafir aholi punktlari yaqinida qo‘shimcha YPG jangarilari hamda sobiq rejim unsurlari aniqlangani ortidan Halabning sharqiy qismiga qo‘shimcha kuchlar yubordi.
2025-yil mart oyida Suriya prezidentligi mamlakatning hududiy yaxlitligini tasdiqlab, bo‘linish urinishlarini rad etgan holda, SDGning davlat institutlariga integratsiyasiga doir kelishuv e’lon qilgan edi. Biroq rasmiylar YPG ushbu kelishuv shartlariga amal qilmaganini bildirdi.
Suriya hukumati 24 yil davom etgan hokimiyatdan so‘ng, 2024-yil dekabrida Beshar Esad rejimi ag‘darilganidan keyin, mamlakat bo‘ylab xavfsizlikni qayta tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarini kuchaytirdi.