Hakan Fidan Yaqin Sharqdagi oxirgi vaziyatdan Isroilni mas’ul deb topdi

Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan Dohada Qatar Bosh vaziri - Tashqi Ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abdurrahmon al - Soniy bilan telefon orqali muloqot qildi va unda Yaqin Sharqdagi oxirgi vaziyatdan Isroilni mas’ul deb topdi.

By
_

Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan, mintaqamizni misli ko‘rilmagan inqirozga tortayotgan tomon Isroil ekanini ta’kidlab; Isroil, mojarodan o‘z jinoyatlari va bosqinchilik siyosatini yashirish uchun foydalanishiga yo‘l qo‘yilmaslik kerakligini ta’kidladi.

Fidan bu bayonotlarni payshanba kuni (19.03.2026) Dohada Qatar Bosh vaziri - Tashqi Ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abdurrahmon al - Soniy bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv ortidan uyushtirilgan qo‘shma matbuot anjumanida berdi. Uchrashuv, keskinlikni kamaytirishga qaratilgan mintaqaviy diplomatik tashriflar doirasida o‘tkazilgani ma’lum qilindi.

Hakan Fidan davom etayotgan diplomatik muzokaralar vaqtida boshlangan AQSh – Isroil hujumlari avj olganini ifoda etib, bu holat mintaqani katta mojaro maydoniga aylantirgani va global barqarorlikni izdan chiqarganini ta’kidladi.

U shuningdek: «Tinch aholi hayotini mensimaydigan va harbiy bo‘lmagan infratuzilmasini nishonga olgan hujumlarni qoralaymiz va rad etamiz. Bunday hujumlar hech qachon hech qanday sabab bilan oqlanmaydi. Turkiya qardosh Qatar bilan har doim birga bo‘lgan va bundan keyin ham birga bo‘ladi», - dedi.

Shu bilan birga, Fidan, Eronga ham ochiq murojaat qilib; mintaqa davlatlarini ko‘zlagan hujumlar qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.

«Qanday sabab bo‘lishidan qat’i nazar, Eronning mintaqa davlatlariga qarshi hujum uyushtirishlari mintaqaviy barqarorlik asoslarini zaiflashtiradi. Buni qabul qilib bo‘lmaydi va uning Eronga ham, mintaqaga ham hech qanday foydasi yo‘q», - dedi.

Tashqi Ishlar vaziri o‘z so‘zida: «Eronga qarshi uyushtirilgan hujumlar qanday noto‘g‘ri bo‘lsa, Eronning ham asossiz ravishda mintaqa davlatlariga hujum qilishi xuddi shunday noto‘g‘ridir», - degan ifodalarga o‘rin berdi.

Fidan, shuningdek, Tehronni «tarixiy mas’uliyat» bilan harakat qilishga chaqirib; mintaqa davlatlari o‘rtasida «tuzatib bo‘lmaydigan uzilishlarga» olib kelishi mumkin bo‘lgan keskinlikni zudlik bilan to‘xtatish zarurligini ifoda etdi. U dengiz xavfsizligiga tahdid soluvchi qadamlar haqida ham ogohlantirib, buning global savdo va energetika yo‘llari uchun xavf tug‘dirishi mumkinligini qayd etdi.

Diplomatiya birinchi va yakuniy yechim bolishi kerak

Qatar Bosh vaziri - Tashqi Ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abdurrahmon al - Soniy ham vazminlikka chaqirib, urush zudlik bilan to‘xtatilishi kerakligini qayd etdi.

«Urush darhol to‘xtatilishi kerak. Bu urushdan kim foyda ko‘rayotgani va mintaqani mojaroga kim tortayotganini hamma yaxshi biladi» - dedi.

Al - Soniy mojaroning kengaytirilishi mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka xizmat qilmasligini ta’kidlab: «Mojaroning ko‘lamini kengaytirish mintaqa xavfsizligi va barqarorligiga xizmat qilmaydi», - degan ifodalarga o‘rin berdi.

U shuningdek, diplomatiya «birinchi va yakuniy» yechim bo‘lib qolishi shartligini bildirdi.

Eronning AQSh bazalarini nishonga olgani haqidagi bayonotlarini «qabul qilib bo‘lmaydigan va asossiz» deb baholagan al - Soniy, Ras Laffanga qaratilgan hujum global energiya ta’minoti uchun salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Turkiyaning davomiy qo‘llab - quvvatlovi uchun minnatdorchilik bildirgan al - Soniy, Anqaraning Dohaga ko‘magini «har doim davom etayotganini» aytdi.

Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan, Yaqin Sharqda davom etayotgan urushni muhokama qilish maqsadida mintaqa davlatlarini o‘z ichiga olgan diplomatik safar olib bormoqda.

Mazkur safar AQSh bilan Isroil tomonidan 28 - fevral kuni Eronga qarshi boshlatgan qo‘shma amaliyot va Tehronning esa mintaqadagi bir qator davlatlarga qarshi uyushtirgan hujumlari sabab jadal tusda avj oldi.