Fidan: Rossiya-Ukraina tinchlik kelishuvi Yevropaning kelajagini shakllantiradi

Turkiya TIV rahbari Hakan Fidan Rossiya va Ukraina yaqin orada yana-da ijobiy pozitsiyani egallashiga ishonch bildirdi.

By
Fidan Ukraina va Rossiya o'rtasidagi urushni tugatish bo'yicha sa'y-harakatlarni muhokama qildi. / AA

Bryusselda o‘tkazilgan NATO Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida qatnashgan Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan, Rossiya va Ukraina o‘rtasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan tinchlik muzokaralari uchun Turkiyadan ko‘ra mos joy yo‘qligini bildirdi.

Fidan chorshanba kuni TRT Haber'ga bergan intervyusida: “Buni o‘tgan yoz Istanbulda uch marta o‘tkazgan yig‘ilishlarimiz bilan isbotladik; mezbonlik qildik va sessiyalarni boshqardik. Tomonlar har bir uchrashuvdan chin dildan mamnun bo‘lib chiqdi,” dedi.

YeI va NATO hamkorlari bilan qilgan suhbatlaridan so‘ng Fidan, muhokamalar asosan Rossiya–Ukraina urushiga, mumkin bo‘lgan tinchlik ramkasiga va Turkiya markaziy rol o‘ynayotgan kengroq mintaqaviy masalalarga qaratilganini aytdi.

Fidan Rossiya–Ukraina tinchlik jarayoni borasida ehtiyotkorlik bilan ijobiy qarashni saqlab qolayotganini ta’kidlab: “Eng muhim narsa — muzokara stolini tark etmaslikdir. Agar kelishish niyati bilan o‘tirsangiz, oxir-oqibat natijaga erishasiz,” dedi.

Fidan, AQShlik vositachi Stiv Vitkoffning muzokaralarning oldinga siljishiga hissa qo‘sha oladigan “zarur qobiliyatlarga” ega ekanini ham aytdi.

Ijobiy kayfiyat

Fidan, har ikki tomonning ham yaqinda yanada ijobiy pozitsiya ko‘rsatishi mumkinligiga oid kutish borligini qo‘shimcha qildi.

Fidan: “Rossiyaning hozirda ijobiy pozitsiyasi bor, deb o‘ylayman; Ukraina ham tez orada ijobiy pozitsiya namoyon qiladi,” dedi.

U yakuniy kelishuv nafaqat urushni tugatishini, balki Yevropaning kelajagini ham shakllantirishini ta’kidlab: “Hamma xavf va foydani hisoblayapti. Bunday murakkab sharoitda maqsadlarni aniq belgilash va tomonlarni shu maqsadlarga qaratish tobora muhim bo‘lib bormoqda,” dedi.

Qora dengizdagi hujumlar

Fidan, Turkiya qirg‘oqlariga yaqin savdo kemalariga qilingan so‘nggi hujumlarga ham to‘xtaldi.

Uning aytishicha, Turkiya, Ruminiya va Bolgariya suzib kelayotgan minalar bilan kurashish va dengiz xavfsizligini kuchaytirish uchun ishchi guruh tuzgan, harbiy-dengiz kuchlari esa allaqachon hamkorlikni boshlagan.

Fidan: “So‘nggi hujumlar ogohlantirishlarimizning qanchalik o‘rinli ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Urush geografiyasi kengaymoqda va bu juda xavfli,” dedi.

YeI munosabatlari

Fidan, Turkiyaning deyarli barcha YeI davlatlari bilan munosabatlari ijobiy yo‘nalishda rivojlanayotganini aytar ekan, Kipr rum  ma’muriyatining (KRM) pozitsiyasi hamkorlikni to‘sishda davom etayotganini bildirdi.

“Kim bilan gaplashmay, hamma KRMdan shikoyat qiladi. Bir nechta odam Turkiya bilan YeI o‘rtasidagi sinergiyani garovga olib turibdi; bu 400 milliondan ortiq odamning taqdiriga taalluqli masala,” dedi.

Vazir, Turkiya mustahkam institutlari, dinamik aholisi va raqobatbardosh xususiy sektori bilan ishonchli, adolatli va malakali hamkor bo‘lib qolayotganini aytdi. Siyosiy to‘siqlar olib tashlansa, Turkiya–YeI munosabatlari to‘liq salohiyatiga erisha olishini ta’kidladi.