Isroil Livan janubidagi qishloqlarni egallab olishni rejalashtirmoqda
Livanga hujumlardan maqsad tankga qarshi o'q otishni to'xtatish va Hizbullohga bosim o'tkazish edi.
Isroil ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, Isroil armiyasi raketa hujumlarining oldini olish maqsadida Livan janubidagi chegaraoldi qishloqlarini egallashni rejalashtirmoqda.
Isroilning "12-kanali" bergan ma’lumotga ko‘ra, siyosiy rahbariyat harbiylarga tankka qarshi qurollar uchirilayotgani iddao qilinayotgan Livan hududlarini "keyingi ko‘rsatmaga qadar" nazorat ostiga olishni buyurishni ko‘zlamoqda. Xabarda aniq aholi punktlari nomlari keltirilmagan bo‘lsa-da, Isroil o‘z aholisiga tahdid soluvchi barcha hududlarni, xususan, Livan janubidagi chegara bo‘ylab joylashgan birinchi qator qishloqlarni egallashni maqsad qilgani ta’kidlangan.
So‘nggi kunlarda Isroil armiyasi "Hizbulloh" bilan chegaradagi to‘qnashuvlar fonida Livan bo‘ylab havo zarbalarini keskin kuchaytirdi. Vaholanki, tomonlar o‘rtasida 2024-yil noyabr oyidan buyon amalda bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi mavjud edi.
Livan rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2-martdan buyon Isroil hujumlari oqibatida Livanda kamida 968 kishi halok bo‘lgan, 2432 kishi esa jarohatlangan.
Vaziyatning joriy keskinlashuvi AQSh va Isroilning Eronga bergan qo‘shma zarbalaridan so‘ng yuz berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hujumlar oqibatida 28-fevraldan beri taxminan 1300 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Tehron bunga javoban Isroil, shuningdek, Iordaniya, Iroq va Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi hududlarga dron va raketalar bilan hujum qildi. Eron tomoni ushbu zarbalardan ko‘zlangan asosiy nishon "AQSh harbiy obyektlari" ekanini da’vo qilmoqda.