AQSH keskin e’tirozlardan so‘ng Epstein fayllari bazasiga Trampning suratini qaytardi
Shanba kuni Adliya vazirligi veb-saytidan 16 ta fotosurat, jumladan, Trampning ish stoli g‘aladoni aks etgan surat olib tashlangan edi.
AQSH Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan Jefri Epshteyn (Jeffrey Epstein) ishi bo‘yicha hujjatlar to‘plamidan olib tashlangan AQSH Prezidenti Donald Trampga tegishli fotosurat, rasmiylar ushbu tasvirda Epshteynning qurbonlaridan hech biri yo‘qligi haqida xulosaga kelganidan so‘ng, yakshanba kuni qayta e’lon qilindi. Bu haqda vazirlik ma’lum qildi.
G‘aladon ochiq holda turgani va uning ichida Trampning turli ayollar bilan tushgan surati borligini ko‘rsatuvchi tasvir, potensial qurbonlarni himoya qilish maqsadida Nyu-York Janubiy okrugi tomonidan tekshiruvga olingan edi.
"Tekshiruvdan so‘ng, fotosuratda birorta ham Epshteyn qurboni tasvirlangani haqida hech qanday dalil topilmadi va surat hech qanday o‘zgarishsiz yoki senzurarsiz qayta e’lon qilindi", — deyiladi Adliya vazirligi bayonotida.
Bosh prokuror yordamchisi Todd Blansh (Todd Blanche) yakshanba kuni erta tongda uning idorasi suratdagi ayollarning shaxsi bilan bog‘liq xavotirlar tufayli uni olib tashlaganini aytgan edi. "Buning Prezident Trampga aloqasi yo‘q", — dedi Blansh yakshanba kuni ertalab NBC telekanalining "Meet the Press" ko‘rsatuvida.
Adliya vazirligi juma kuni 2019-yilda qamoqxonada o‘z joniga qasd qilgan jinsiy jinoyatchi Jefri Epshteynga oid minglab hujjatlarni e’lon qildi.
Biroq e’lon qilingan hujjatlar keng ko‘lamli senzura (qora chiziqlar bilan yopish) hamda Epshteyn bilan yaqin do‘stligi ma’lum bo‘lishiga qaramay, hujjatlarda Tramp nomining kam tilga olingani sababli, ba’zi respublikachilar ham daxl keskin tanqidlarga uchradi.
Demokratlar yetakchisi Hakim Jiffris (Hakeem Jeffries) yakshanba kuni ABC News telekanaliga bergan intervyusida, "nima uchun hujjatlarni taqdim etish qonunda belgilangan darajadan past bo‘lgani bo‘yicha to‘liq va atroflicha tergov o‘tkazish"ga chaqirdi.
The New York Times, NPR va Associated Press xabarlariga ko‘ra, shanba kuni Adliya vazirligi saytidan 16 tagacha fotosurat, jumladan ish stoli g‘aladoni surati olib tashlangan; biroq Reuters agentligi bu ma’lumotni mustaqil ravishda tasdiqlay olmadi.
Adliya vazirligi yakshanba kuni, ehtimoliy qurbonlar va ularning advokatlaridan ma’lumotlarni olib tashlash bo‘yicha so‘rovlar tushganidan so‘ng ehtiyotkorlik bilan harakat qilganini bildirdi.
Trampga nisbatan hech qanday ayblov yo‘q va u Epshteynning jinoyatlaridan xabardor bo‘lganini rad etib keladi.