COP31 Antaliyada: Dunyo iqlimni qutqarish yo‘lida qanday sinovlardan o‘tdi?
TURKIYA
8 daqiqa o'qish
COP31 Antaliyada: Dunyo iqlimni qutqarish yo‘lida qanday sinovlardan o‘tdi?Va’dalar, inqirozlar va burilish nuqtalari: COP sammitlarining to‘liq xronikasi
COP31

Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash doirasida har yili turli mamlakatlarda o‘tkaziladigan COPning 31-yig‘ilishiga 9–20-noyabr kunlari Antaliya mezbonlik qiladi.

Inglizcha Conference of the Parties (Tomonlar konferensiyasi) iborasining qisqartmasi bo‘lgan COP iqlim inqiroziga oid baholashlar o‘tkaziladigan xalqaro uchrashuvlarni anglatadi.

Ilk yig‘ilishdan bugungi kungacha COPda qabul qilingan qarorlar, imzolangan kelishuvlar, yuz bergan inqirozlar va asosiy majburiyatlar jamlandi.

Germaniya poytaxti Berlinda 1995-yilda o‘tkazilgan ilk COP o‘sha davrdagi Germaniya atrof-muhit vaziri Angela Merkel raisligida, 117 tomon va 53 kuzatuvchi davlat ishtirokida bo‘lib o‘tgandi.

Sammitda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan global muzokaralarni boshlash ustuvor kun tartibi masalasi sifatida o‘rin oldi.

Iqlim inqiroziga qarshi kurashda rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlardan turlicha amaliyotlarni joriy etish kutilishi esa keyingi yillarda tobora kuchayib boradigan bahslarga asos soldi.

Bu jarayonda rivojlanayotgan davlatlar iqlim inqirozining sababchilari sifatida rivojlangan davlatlarni ko‘rsatdi. Biroq AQSH kabi jadal sanoat faoliyatini olib boruvchi ko‘plab rivojlangan davlatlar chiqindilarni kamaytirish borasida o‘zlariga bosim o‘tkazilayotganini ta’kidladi. Mamlakatlar o‘rtasida yuzaga kelgan taranglikni yumshatish uchun ko‘plab g‘oyalar ilgari surildi. Tomonlar o‘rtasida yechimga erishish esa uzoq yillar davom etdi. Bu bosqichda rivojlanayotgan mamlakatlarga barqaror o‘sishiga ko‘maklashish maqsadida turli yordamlar ko‘rsatish kun tartibiga chiqdi. Biroq rivojlangan davlatlarning chiqindilarini kamaytirish borasida jiddiy o‘zgarish kuzatilmadi.

Ikkinchi COP yig‘ilishiga Shveysariya mezbonlik qildi. O‘xshash mavzular ko‘tarilgan ikkinchi sammitdagi eng muhim voqea jadal sanoat faoliyati bilan tanqidlar markazida bo‘lgan AQSHning «Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash uchun majburiy chiqindilarni kamaytirish zarurligini» tan olishi bo‘ldi.

Ixtiyoriylik o‘rnini huquqiy majburiyat egalladi

Biroq sammitlarda berilgan majburiyatlarning ixtiyoriylik asosida bo‘lishi maqsadlarga erishishni ham qiyinlashtirdi. Tomonlar Yaponiyaning Kioto shahrida o‘tkazilgan COP3da ixtiyoriylik tamoyilini bir qadam oldinga olib chiqib, «huquqiy majburiylik» kun tartibini shakllantirdi.

COP3 yakunida taqdim etilgan Kioto protokoli rivojlangan davlatlarni uglerod chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha majburiy huquqiy tartibga solishga bo‘ysundirdi va bu davlatlardan issiqxona gazlari chiqindilarini 2012-yilgacha 5 foizga kamaytirish talab qilindi. Biroq orasida Xitoy ham bo‘lgan rivojlanayotgan davlatlar faqat yillik issiqxona gazlari inventarizatsiya hisobotini taqdim etishi e’lon qilindi.

AQSH dastlab ikkilanish bilan yondashgan Kioto protokolini COP4 sammitida imzoladi, biroq kelishuvni hech qachon ratifikatsiya qilmadi.

COP5da kelishuvni hayotga tatbiq etishdan oldin qo‘llash asoslari va mexanizmlarini belgilash zarurligi ta’kidlandi.

Niderlandiyaning Gaaga shahrida 2000-yil noyabr oyida o‘tkazilgan COP6 tomonlar kelisha olmagani sababli to‘xtatildi. Muzokaralar 2001-yil iyul oyida Bonnda davom ettirildi. AQSHdan tashqari boshqa davlatlar Kioto protokolini qo‘llash vositalari bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Biroq AQSH tomonidan sammit jarayonida inqirozga olib kelgan bayonot berildi. O‘sha davrdagi AQSH Prezidenti Jorj Bush mamlakati Kioto protokolini bajarmasligini quyidagi so‘zlar bilan e’lon qildi:

«Amerika xalqi va ishchilarining farovonligini himoya qilish uchun tayinlangan AQSH Prezidenti sifatida millionlab fuqarolarimizni ishsiz qoldiradigan chirik bir xalqaro kelishuvga millatimizni topshirmayman».

Kioto protokoli muhri bosilgan sammitlar

AQSHning chiqish qaroridan so‘ng o‘tkazilgan COP7, COP8 va COP9da Kioto protokolining texnik tafsilotlarini aniqlashtirishga e’tibor qaratildi. Bu jarayonda tomonlarni yakuniy global kelishuv bo‘yicha murosaga keltirish sa’y-harakatlari ham davom ettirildi.

Kioto protokoli kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan tasdiqlashlar soniga erishilmasligi 2004-yilda ham jarayon oldidagi to‘siqlardan biri bo‘ldi. Rossiyaning 2004-yil 18-noyabrda protokolni ratifikatsiya qilishi bilan zarur shartlar bajarildi. Argentina poytaxti Buenos-Ayresda o‘tkazilgan COP10da protokolning kuchga kirishini ta’minlagan ushbu voqea kun tartibining asosiy mavzularidan biri bo‘ldi.

COP11dan COP14gacha bo‘lgan davrda ham Kioto protokolini qabul qilmagan davlatlar bilan kelishuvga erishishga harakat qilindi. Muzokaralarda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, iqlim harakatlarini kuchaytirish va turli jamg‘armalar tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.

Kioto protokolining birinchi majburiyat davri 2012-yilda tugashi yangi global iqlim kelishuvini izlashni tezlashtirdi. Shu doirada chaqirilgan COP15 protokoldan keyingi yo‘lni belgilash maqsadida keng ishtirokda o‘tkazildi.

COP15 yakunida iqlim moliyalashtirishi nuqtayi nazaridan muhim qadam sifatida ko‘rilgan Kopengagen kelishuvi imzolandi. Kelishuvga ko‘ra, rivojlangan davlatlar rivojlanayotgan davlatlarning chiqindilarini kamaytirishi va iqlim o‘zgarishi ta’siriga chidamliligini oshirishi uchun 2020-yilgacha yiliga 100 milliard dollar mablag‘ ajratishga rozi bo‘ldi.

COP16da global harorat ko‘tarilishini sanoatlashuvdan oldingi davrga nisbatan 2 daraja bilan cheklashni nazarda tutuvchi Kankun kelishuvlari bo‘yicha murosa qilindi.

Parij kelishuvining ilk qadamlari

Jahon bankining global harorat 2100-yilga kelib 4 darajaga ko‘tarilishi mumkinligi haqidagi hisoboti COP17ning asosiy kun tartibi mavzularidan biri bo‘ldi. Hisobot Qatar poytaxti Dohada o‘tkazilgan COP18da ham muhokama qilinishda davom etdi. Sammitda tomonlar Kioto protokolining ikkinchi majburiyat davrini ko‘rib chiqish va davlatlarning chiqindilarni kamaytirish maqsadlarini o‘z ichiga olgan, huquqiy majburiyatga ega yangi kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun yig‘ildi. Parij kelishuviga olib boradigan jarayonning ilk qadamlari ham ushbu yig‘ilishda tashlandi.

COP19da iqlim inqirozi keltirib chiqargan ekstremal ob-havo hodisalaridan kelib chiqadigan yo‘qotish va zararlar ustuvor kun tartibi masalalari qatoriga kiritildi. Muzokaralar natijasida ushbu zararlarga qarshi kurashish doirasida Varshava xalqaro yo‘qotish va zararlar mexanizmini tashkil etishga qaror qilindi.

Yillar davomida olib borilgan jarayonlarning aniq natijasini yaratish maqsadida 2015-yilda Fransiya poytaxti Parijda o‘tkazilgan COP21 yakunida 195 davlat va Yevropa Ittifoqi ishtirokida Parij kelishuvi qabul qilindi. 1997-yildan beri iqlim o‘zgarishi sohasida huquqiy majburiyatga ega ilk xalqaro hujjat hisoblangan kelishuv zarur tasdiqlash shartlari bajarilganidan so‘ng 2016-yil 4-noyabrda kuchga kirdi.

Global harorat ko‘tarilishini sanoatlashuvdan oldingi davrga nisbatan 2 darajadan «ancha past» darajada ushlab turishni va 1,5 daraja bilan cheklash uchun harakat qilishni maqsad qilgan kelishuv, shuningdek, global issiqxona gazlari chiqindilari maqsadlariga erishish uchun davlatlar o‘zlari belgilagan Milliy miqyosda belgilangan hissalarni (NDC) tezroq taqdim etishga chaqiriqlarni o‘z ichiga oldi.

AQSHning Parij kelishuvidan chiqishi

Parij kelishuvini amalga oshirish bosqichiga o‘tish Marokashning Marrakesh shahrida 2016-yilda o‘tkazilgan COP22ning ustuvor maqsadlaridan biri edi. Shunga qaramay, AQSHda yangi prezident etib saylangan Donald Trampning iqlim siyosatiga munosabati yig‘ilish yo‘nalishini o‘zgartirdi. Tramp ham xuddi Bush kabi iqlim kelishuvi mamlakat iqtisodiyotiga zarar yetkazishi haqidagi fikrni ilgari surardi.

Tramp iqlim inqirozini «aldov» deb ta’riflab, bunday narsalarga ishonmasligini ko‘p bor ta’kidladi. Sammit davomida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga qarshi chiqishda davom etgan Tramp bir yildan so‘ng Germaniyada o‘tkazilgan COP23 arafasida, 2017-yil iyun oyida bergan bayonoti bilan mamlakati Parij kelishuvidan chiqishini e’lon qildi.

Trampning chiqish qaroridan so‘ng Parij kelishuvining 2020-yilda kuchga kiradigan ijro jarayoni uchun zarur tayyorgarliklar 2018-yildagi COP24ning asosiy mavzularidan birini tashkil etdi. Tomonlar kelishuv moddalarini yakuniy holatga keltirish va amaliyotda qo‘llaniladigan umumiy qoidalarni belgilash bo‘yicha muzokaralarini davom ettirdi.

COP25da Parij kelishuvi maqsadlariga erishishni qo‘llab-quvvatlovchi bozor vositalari va xalqaro hamkorlik mavzulari muhokama qilindi. Muzokaralarda uglerod savdosi qoidalarini belgilash, uzoq muddatli iqlim moliyalashtirishini ta’minlash va shaffoflikni oshirish kabi hali yechimini topmagan masalalar oldinga chiqdi.

AQSH yana tomonlar safiga qo‘shildi

COVID-19 pandemiyasi sababli COP26 bir yilga kechiktirilib, 2021-yilda o‘tkazildi. Sammitda metan chiqindilarini kamaytirish iqlim kun tartibining asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. 2021-yilda lavozimga kirishib, Tramp chiqib ketgan Parij kelishuviga AQSHni qayta kiritgan yangi prezident Jo Bayden bir qadam oldinga siljib, mamlakati metan chiqindilarini 2030-yilgacha 30 foizga kamaytirish majburiyatini olgan tomonlar safiga qo‘shilganini e’lon qildi. Bu davrda ilk bor global isishga sabab bo‘layotgan ko‘mirdan foydalanish COP sammitining mavzusiga aylandi. Ayniqsa, Xitoy va Hindistonga qaratilgan chaqiriqlarda ko‘mir va uning hosilasi bo‘lgan qazib olinadigan yoqilg‘ilardan foydalanishni bosqichma-bosqich tugatish talab qilindi.

Rossiya–Ukraina urushidan keyin yuzaga kelgan energiya va oziq-ovqat inqirozi markazida o‘tgan COP27da yo‘qotishlar va zararlar ham ko‘rib chiqildi.

Qazib olinadigan yoqilg‘ilar tilga olingan ilk yakuniy matn

COP28 Birlashgan Arab Amirliklarining (BAA) Dubay shahrida o‘tkazildi. Neft qazib oluvchi davlatda tashkil etilgani sababli e’tirozlar markazida o‘tgan sammitda muhim qadam tashlandi. Sammit yakunida e’lon qilingan yakuniy matnda sammitlar tarixida ilk bor qazib olinadigan yoqilg‘ilar tilga olindi va «Energiya tizimlarida qazib olinadigan yoqilg‘ilardan adolatli, tartibli va teng ravishda uzoqlashish, 2050-yilgi sof nol maqsadlariga erishish uchun ushbu hal qiluvchi 10 yillik ichida harakatlarni tezlashtirish» chaqirig‘i o‘rin oldi.

COP28da o‘tkazilgan muzokaralarda iqlim inqirozidan eng ko‘p zarar ko‘rgan va bu inqirozga nisbatan zaifroq bo‘lgan davlatlar boshdan kechirayotgan yo‘qotish va zararlarni qoplash maqsadida yangi moliyalashtirish manbalarini yaratish kun tartibiga chiqdi. Konferensiya raisi va BAAning BMTdagi Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha maxsus vakili Sulton Al-Jobir tashkil etilishi rejalashtirilgan jamg‘armaga mamlakati 100 million dollar hissa qo‘shishini e’lon qildi. Boshqa davlatlarning majburiyatlari bilan birga jamg‘arma uchun va’da qilingan umumiy summa 700 million dollarni tashkil etdi.

COP29ning asosiy kun tartibi rivojlanayotgan davlatlarning iqlim harakatlariga hissa qo‘shish uchun yangi iqlim moliyalashtirishini anglatuvchi Yangi jamoaviy miqdoriy maqsadni (New Collective Quantified Goal / NCQG) belgilash edi. Biroq sammit yakunida NCQG maqsadi bo‘yicha e’lon qilingan yakuniy matnda rivojlanayotgan davlatlarning Milliy miqyosda belgilangan hissalari hisobotlariga tayanib, ushbu davlatlar ehtiyoj sezayotgan iqlim moliyalashtirishi 2030-yilgacha yiliga 455 dan 584 milliard dollargacha, jami esa 5,1 dan 6,8 trillion dollargacha ekani ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, 2035-yilgacha yiliga kamida 300 milliard dollarlik jamg‘arma maqsadi e’lon qilindi.

Sammitdan so‘ng iqlim muzokaralaridagi muhim voqealardan biri ikkinchi marta AQSH Prezidenti etib saylangan Donald Trampning mamlakatini Parij kelishuvidan yana chiqarish qarori bo‘ldi. Vashington ma’muriyati chiqish qarorini BMTga yetkazar ekan, kelishuvdan chiqish 2026-yil 27-yanvarda kuchga kirishini bildirdi. Iqlim siyosatini iqtisodiy sabablarga ko‘ra tanqid qilgan Tramp kelishuvdan chiqish qarorini ham AQSHning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish yondashuvi bilan oqladi.

Braziliyada kutilgan qarorlar qabul qilinmadi

Braziliyaning Belen shahrida o‘tkazilgan COP30da qazib olinadigan yoqilg‘ilardan voz kechishga qaratilgan yo‘l xaritasini tayyorlash kutilgan bo‘lsa-da, yakuniy matnda bu borada aniq iboraga o‘rin berilmadi.

Yakuniy matnda davlatlarning Milliy miqyosda belgilangan hissalari va milliy moslashuv rejalarini tezroq hayotga tatbiq etishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ixtiyoriylik asosidagi Global ijroni tezlashtirish mexanizmi (Global Implementation Accelerator) ishga tushirilgani qayd etildi. COP raislari rahbarligida yuritiladigan mexanizm 2026-yil davomida ochiq va inklyuziv axborot sessiyalari bilan qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.

Sammit davomida Amazon o‘rmonlarini muhofaza qilish va iqlim inqirozidan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan qatlamlar qatorida bo‘lgan mahalliy xalqlar duch kelayotgan muammolar oldinga chiqdi. Shu doirada mahalliy xalqlarning moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyati boshchiligida turli sohalarda boshdan kechirayotgan qiyinchiliklari tez-tez tilga olindi.