Afrika Ittifoqi: “Boko Haramning birinchi qurbonlari musulmonlar”
Tramp shu oy boshida Nigeriya “nasroniylarning o‘ldirilishiga” qarshi choralar ko‘rmasa, Mudofaa vazirligiga “tezkor” harbiy amaliyotga tayyorgarlik ko‘rish topshirig‘ini berganini aytgan edi.
Afrika Ittifoqi Komissiyasi raisi chorshanba kuni AQSh Prezidenti Donald Trampning Afrika qitasidagi eng yirik aholi soniga ega Nigeriyada “ko‘plab” nasroniylar o‘ldirilayotgani haqidagi da’vosini rad etib, Shimoliy Nigeriyada hech qanday genotsid yo‘qligini ma’lum qildi.
Mahmud Ali Yussuf Nyu-Yorkdagi BMT shtab-kvartirasida jurnalistlarga bergan bayonotida:
“Nigeriyaning shimolidagi vaziyatni Sudan yoki Sharqiy Kongo hududlarida ko‘rganimiz kabi dahshatlar bilan solishtirib bo‘lmaydi,” dedi.
U shuningdek ogohlantirdi:
“Bunday bayonotlarni qilishdan oldin ikki marta o‘ylang. Boko Haramning dastlabki qurbonlari nasroniylar emas, musulmonlardir.”
Radikal qurolli guruh Boko Haram so‘nggi 15 yil ichida o‘n minglab insonlarning o‘limiga sabab bo‘lgan qo‘zg‘olon bilan Nigeriyaning shimoli-sharqida dahshat tarqatdi. Inson huquqlari mutaxassislari ham qurbonlarning aksariyati musulmonlar ekanini tasdiqlaydi.
“Qurollar tayyor”
Tramp shu oy boshida, agar Nigeriya hukumati nasroniylarga qarshi hujumlarni to‘xtatmasa, Mudofaa vazirligiga “tezkor harbiy intervensiyaga tayyorlaning” degan ko‘rsatma berganini aytgan edi.
Biroq Tramp bu iddosini tasdiqlovchi biror aniq dalil taqdim etmadi.
Tramp yana shunday dedi:
“Nigeriyaga berilayotgan barcha yordamni to‘xtatishimiz mumkin va bu obro‘si tushgan mamlakatga ‘qurollarimiz tayyor’ holda kirib, bu dahshatli zulmni amalga oshirayotgan terrorchilarni butunlay yo‘q qilishimiz mumkin.”
Nigeriya Tashqi ishlar vazirligi esa mamlakat zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurashni davom ettirishini aytib, quyidagilarni bildirdi:
“Barcha fuqarolarimizni — irqidan, e’tiqodidan yoki dinidan qat’i nazar — himoya qilishda davom etamiz. Va Vashingtonning yaqin ittifoqchimiz bo‘lib qolishiga umid qilamiz.”
Xristianlik, islom va an’anaviy dinlarni tutuvchi 200 dan ortiq etnik guruh yashaydigan Nigeriya uzoq yillar davomida tinch-totuv yashash tajribasiga ega. Biroq ba’zan etnik bo‘linishlar yoki resurslar ustidagi raqobat sabab ayrim hududlarda zo‘ravonlik kuchaygan paytlar ham bo‘ladi.