Suriya Firot g‘arbini harbiy zona deb e'lon qildi

Suriya, YPG terror tashkilotining hujumlari avj olishi ortidan Firot g‘arbini harbiy zona deb e'lon qildi.

By
_

Suriya, Firot daryosining g‘arbiy qismidagi hududlarni yopiq harbiy zona deb e’lon qilish orqali avval imzolangan kelishuvlarga qaramay to‘qnashuvlar kuchayishi va Halabga qarshi uyushtirilgan hujumlar ortgani sababli YPG terror tashkiloti bilan bog‘liq barcha qurolli unsurlarni sharqqa chekinishga buyurdi.

Suriya armiyasi mahalliy OAVga bergan bayonotida, YPG terror tashkilotining PKK bilan aloqali terrorchilar va sobiq Asad rejimi qoldiqlari bilan birga Firotning g‘arbida nazorat qilayotgan hududlarda kuch to‘playotgani va nomi tilga olingan hududlardan Halabga qarshi xudkushlik hujumlari uyushtirish uchun start maydonchasi sifatida foydalanayotganini ma’lum qildi.

YPG, PKK terror tashkilotining Suriyadagi qanoti sifatida tanilgan.

Armiya ushbu harakatlar hududni yopiq harbiy zona deb e’lon qilish qaroriga turtki bo‘lganini bildirdi.

Rasmiylar, Meskana va Dayr Hafirni o‘z ichiga olgan muhim nuqtalar belgilangan xarita ham ilova qilingan bayonotda, tinch aholini jangarilar nazoratidagi hududlardan uzoq turishga chaqirdi.

YPG terror tashkiloti Halab shimolidagi strategik ko‘prikni portlatdi

Armiya barcha qurolli unsurlardan Firot sharqidagi hududlarga zudlik bilan chekinishni talab qilib, mazkur hududlar faol harbiy amaliyot zonalari sifatida baholanishi ustidan ogohlantirdi.

Bu qadam hududda bir necha kundan beri davom etayotgan zo‘ravonliklar ortidan tashlandi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra o‘tgan haftadan buyon Halabda YPG tomonidan turar joylar, harbiy bo‘lmagan inshootlar va Suriya armiyasi pozitsiyalariga qarshi uyushtirilgan hujumlar oqibati kamida 24 kishining umriga, qariyb 130 kishining sog‘ligiga ham da Ashrafiya va Shayx Maqsud hududlaridan taxminan 165 ming kishining ko‘chirilishiga yo‘l ochdi.

Seshanba kuni Suriya OAVlari YPG terror tashkiloti Halabning shimolidagi qishloq hududida joylashgan Um Tanah qishlog‘ida strategik ahamiyatga ega ko‘prikni portlatgani haqida xabar bergach, keskinlik yana da kuchaydi.

Alikhbariyah TV xabariga ko‘ra, ushbu ko‘prik YPG nazoratidagi hududlarni Suriya hukumati nazoratidagi hududlardan ajratib turgan va armiya yaqin atrofdagi uchta shaharchani yopiq harbiy zona deb e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay portlatilgan.

Suriya armiyasi bu shaharchalar hujumlar uchun baza sifatida foydalanilishining oldini olish maqsadida yopilgani va hudud xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan barcha choralar ko‘rilishini bildirdi.

YPG kelishuv majburiyatlarini bajarmayapti

Damashq bilan YPG o‘rtasida joriy yil boshida imzolangan kelishuvlarga qaramay, keskinlik kuchayishda davom etmoqda.

Suriyaning prezidentlik apparati 2025 - yilning mart oyida YPGning asosiy tayanchini tashkil etgan SDG terror tuzilmasini davlat institutlariga integratsiya qilish va Suriya hududiy yaxlitligini qayta tasdiqlashni nazarda tutuvchi kelishuv imzolanganini e’lon qilgandi.

Aprel oyida Shayx Maqsud va Ashrafiya mahallalarini o‘z ichiga olgan yana bir kelishuv esa ushbu hududlarni Halabning ma’muriy tarkibiy qismi sifatida tan olib, qurolli guruhlarni taqiqladi. Kelishuv, shuningdek, qurollarni ichki xavfsizlik kuchlari doirasida cheklashni va YPG unsurlarining Firotning sharqiga chekinishini shart qilib qo‘ydi.

Suriya rasmiylari YPG bu majburiyatlarning birortasini ham bajarmaganini ta’kidlamoqda.

Suriya hukumati 2024 - yilning dekabr oyida Asad rejimi ag‘darilganidan buyon mamlakat bo‘ylab xavfsizlik amaliyotlarini kuchaytirib, nazoratni qayta tiklash va yangi parchalanish to‘lqinining oldini olishni ko‘zlamoqda.