Turkiya bilan Nigeriya iqtisodiy aloqalarni sezilarli darajada kengaytirish payida
Anqara bilan Abuja O‘rtoq Iqtisodiy va savdo qo‘mitasi (JETCO)ni tashkil etish to‘g‘risida qo‘shma bayonot hamda Halol sifat infratuzilmasi bo‘yicha anglashuv memorandumi imzoladi.
Turkiya bilan Nigeriya seshanba kuni (27.01.2026) sanoat, savdo, investitsiya va mudofaa sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni sezilarli darajada kengaytirishga qaratilgan yangi mexanizmlar ishga tushirilishini e’lon qildi.
Turkiya Savdo vaziri O‘mer Bo‘lat Nigeriya Prezidenti Bo‘la Ahmad Tinubuning Turkiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida o‘tkazilgan muzokaralar ortidan Anqara va Abujaning O‘rtoq Iqtisodiy va savdo qo‘mitasi (JETCO)ni tashkil etish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot hamda Halol sifat infratuzilmasi bo‘yicha anglashuv memorandumini imzolaganini ma’lum qildi.
Bo‘lat mavzu haqida bergan bayonotida: «Uchrashuvda sanoat, savdo, investitsiya va ishlab chiqarish sohalarida hamkorligimizni chuqurlashtiradigan masalalarni har tomonlama muhokama qildik», — degan holda bu kelishuvlar har ikki mamlakatdagi tadbirkorlar uchun ham yangi imkoniyatlar yaratishini o‘z so‘ziga ilova etdi.
To‘qqizta kelishuv imzolandi
Bo‘latning aytishicha, tomonlar 5 milliard dollarlik ikki tomonlama savdo hajmi maqsadiga erishish uchun birgalikda ishlashga, savdoni diversifikatsiya qilishga, investitsiyalarni oshirishga va xususiy sektor hamkorliklarini mustahkamlashga kelishib olgan.
Shuningdek, Bo‘lat Turkiyaning Nigeriya bilan bo‘lgan munosabatlarini ishonch va uzoq muddatli strategik sheriklik yondashuviga asoslangan holda davom ettirishini bildirdi.
Anqarada o‘tkazilgan ikki tomonlama va delegatsiyalar darajasidagi muzokaralardan so‘ng Prezidentlar Rejep Tayyip Erdo‘g‘an bilan Bo‘la Ahmad Tinubu huzurida jami to‘qqizta kelishuv imzolandi.
Kelishuvlar harbiy tayyorgarlik, mudofaa va xavfsizlik, diaspora siyosati, media va kommunikatsiya, oliy ta’lim, halol akkreditatsiya, diplomatik ta’lim hamda ijtimoiy va ayollar masalalari sohalarini o‘z ichiga oladi.
Tinubu beqarorlikka qarshi kurash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish bo‘yicha umumiy sa’y - harakatlarni tilga olib, Nigeriya ayniqsa xavfsizlik va savdo sohalarida Turkiya bilan hamkorlikni chuqurlashtirish niyatida ekanini qayd etdi.
Kengayib borayotgan aloqalar
Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo 2025 - yilning dastlabki 11 oyida 688,4 million dollarga yetdi.
Nigeriya, energetika savdosi sohasi ham doxil o‘tgan yili Sahroi Kabirdan janubiy Afrikada Turkiyaning eng yirik savdo hamkoriga aylandi.
Tomonlar o‘rtasidagi mudofaa aloqalari tez sur’atlarda rivojlandi; Nigeriya Harbiy - havo kuchlari Turkiyada ishlab chiqarilgan insonsiz havo transportlari hamda olti dona ATAK T129 hujum vertolyotini xarid qildi.
Turk kompaniyalari Nigeriyaning qurilish, energetika, to‘qimachilik va ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritmoqda; 50 dan ortiq turk firmasi esa mamlakatga qariyb 400 million dollar miqdorida sarmoya kiritgan.
Turk pudratchilarining Nigeriyada amalga oshirgan loyihalari qiymati qariyb 3 milliard dollarga yetadi.
1960 - yili diplomatik munosabatlar o‘rnatgan Turkiya bilan Nigeriya, Abuja qurolli guruhlarga qarshi kurashni kuchaytirar ekan; ayniqsa xavfsizlik va mudofaa sanoati sohalarida hamkorlikni izchil ravishda kengaytirib kelmoqda.