Yaqin Sharqdagi urush neft narxini 100 dollardan oshirib yubordi

Xalqaro energiya agentligi (IEA) bozorga 400 million barrel zapas neft chiqarishga qaror qildi. Shunga qaramay, Hormuz bo‘g‘ozidagi yuk tashish xavotirlari sababli neft narxi 100 dollardan oshib ketdi.

By
GMT 02:00 holatiga koʻra, Brent bir barrel uchun qariyb 101 dollar narxida savdo qilinmoqda edi. / Reuters

Xalqaro energiya agentligiga (IEA) a’zo mamlakatlar 400 million barrellik favqulodda vaziyatlar zapas neftini bozorga chiqarishga qaror qilgan bo‘lishiga qaramay, Hormuz bo‘g‘ozidagi yuk tashish uzilishlari bo‘yicha xavotirlar neft narxining ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.

"Al-Jazira" nashriyotining xabar berishicha, Xalqaro energiya agentligiga a’zo 32 mamlakat favqulodda zapaslardan 400 million barrel neftni muvofiqlashtirilgan tarzda bozorga chiqarish bo‘yicha bir ovozdan kelishuvga erishganini e’lon qilgan bo‘lsa-da, payshanba kuni neft narxi bir barrel uchun 101 dollardan yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.

Xalqaro me’yor hisoblangan "Brent" neftining fyuchers savdolari, mazkur xabar Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan yuk tashish tarmoqlaridagi uzoq muddatli uzilishlar bo‘yicha xavotirlarni pasaytirmaganligi sababli qariyb 20 foizga o‘sdi.

"Brent" nefti narxi, AQSH-Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanishidan oldingi darajaga nisbatan 38 foizdan ko‘proq qimmatlashib, Toshkent vaqti bilan soat 02:00 holatiga ko‘ra bir barrel uchun 101 dollarga yaqin narxda sotildi.

Xalqaro energiya agentligi rahbari chorshanba kuni bergan bayonotida, a’zo mamlakatlar Yaqin Sharqdagi urush tufayli tebrangan energiya bozorlarini tinchlantirish uchun strategik zapaslardan 400 million barrel neftni chiqarishga kelishib olganliklarini, bu esa tarixda eng yirik muvofiqlashtirilgan harakat ekanligini ma’lum qildi.