Buyuk Britaniya bosib olingan G‘arbiy Sohilda yangi noqonuniy turar-joylar tasdiqlanishini qoraladi
Xalqaro Sud Isroilning Falastin hududlarini bosib olishini noqonuniy deb e’lon qildi.
Buyuk Britaniya Isroil hukumati tomonidan bosib olingan G‘arbiy Sohilda 19 ta yangi noqonuniy turar-joy qurilishi tasdiqlanganini qoraladi.
Buyuk Britaniyaning Yaqin Sharq ishlari bo‘yicha vaziri Hemish Falkoner (Hamish Falconer) yakshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida: “Buyuk Britaniya Falastinda 19 ta yangi turar-joyni tasdiqlagan Isroil hukumatini qoralaydi. Bular xalqaro huquqqa ko‘ra noqonuniydir”, — deb yozdi.
Falkonerning ushbu so‘zlari Isroil Vazirlar Mahkamasi bosib olingan G‘arbiy Sohilda 19 ta yangi turar-joy taklifini ma’qullaganidan so‘ng yangradi. Isroilning o‘ta o‘ngchi Moliya vaziri Betsalel Smotrichga ko‘ra, so‘nggi bir necha yil ichida tasdiqlangan yangi turar-joylar soni 69 taga yetdi.
Falkoner bu qadam "20 moddali reja"ni hamda faqat ikki davlatli yechimgina ta’minlay oladigan uzoq muddatli tinchlik va xavfsizlik istiqbollarini zaiflashtirish xavfini tug‘dirishi haqida ogohlantirdi. Bu yerda AQSh Prezidenti Donald Trampning G‘azodagi urushni tugatishga qaratilgan "yo‘l xaritasi" nazarda tutilgan.
Falastin rasmiylariga ko‘ra, 2023-yil oktyabridan buyon Isroil kuchlari va noqonuniy ko‘chib kelganlar bosib olingan G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda kamida 1 102 falastinlikni o‘ldirdi, 11 000 ga yaqin kishini yaraladi va 21 000 ga yaqin kishini hibsga oldi.
O‘tgan iyul oyida Xalqaro Sud o‘zining muhim xulosasida Isroilning Falastin hududlaridagi istilosini noqonuniy deb e’lon qildi va bosib olingan G‘arbiy Sohil hamda Sharqiy Quddusdagi barcha turar-joylarni bo‘shatishni talab qildi.
Avvalroq Smotrich bosib olingan Sharqiy Quddusda 3 600 xonadonli yangi noqonuniy turar-joy qurish rejasini ham tasdiqlagan edi.
Smotrich X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida ushbu turar-joy “Quddusni sharqdan himoya qiluvchi strategik baza” bo‘lib xizmat qilishini va bu bosib olingan hudud ustidan nazoratni kuchaytirish siyosatining bir qismi ekanligini aytdi.