Hurmuz Bo‘g‘ozi va Global Energiya Inqirozi

Hurmuz bo‘g‘ozining yopilishi global energiya inqirozini keltirib chiqarmoqda, neft narxlari ko‘tarilmoqda

By
LPG tankeri AQSh-Isroilning Eronga qarshi urushi fonida Ummonning Shinas shahri yaqinidagi Hormuz boʻgʻozida langar tashladi, 2026-yil 11-mart. / Reuters

Hurmuz bo‘g‘ozidagi to‘sqinliklarga qaramay, Eronning xam neft eksporti to‘xtab qolgani yo‘q; mart oyining boshida kunlik o‘rtacha 2 million barrelga yetdi va ba’zi vaqtlarda yanada ko‘paydi.

28-fevralda boshlangan AQSH-Isroil hujumlariga javoban Eronning qaytarma qadam tashlashi natijasida Hurmuz bo‘g‘ozining amalda yopilishi, dunyoni so‘nggi yillarning eng yirik neft taminoti shoklaridan biri bilan yuzma-yuz qoldirdi. Dunyo nefti va suyultirilgan gazining qariyb beshdan biri o‘tadigan ushbu tor, ammo strategik suv yo‘li orqali tanker harakati urushdan oldingi davrga nisbatan 10 foizdan ham pastga tushib ketdi.

Ushbu qisqarish global energiya xarajatlarining keskin oshishiga olib keldi, taminot zanjiridagi noaniqlik esa neft narxlarining tez ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Brent nefti barreli taxminan 105 dollar atrofida sotilmoqda. Inqirozning eng og‘ir pallasida narxlar 120 dollarga yaqinlashib, 2022-yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan edi. Bo‘g‘ozning yopilishi global bozorlardan kunlik taxminan 20 million barrellik taminotning chiqib ketishiga sabab bo‘ldi. Xalqaro Energiya Agentligi ushbu vaziyat tufayli strategik zaxiralardan 400 million barrel neftni bozorga chiqarishga qaror qildi. Biroq, bu miqdor global ehtiyojni faqatgina to‘rt kun davomida qoplay oladi, xolos.

Mintaqadagi keng ko‘lamli beqarorlikka qaramay, Tehron energiya savdosini davom ettirishga muvaffaq bo‘ldi. Eron nafaqat Hurmuz bo‘g‘ozi orqali neft eksportini saqlab qoldi, balki urush boshlanganidan keyin ba’zi davrlarda eksport hajmini oshirdi. Mart oyining boshigacha Eronning kunlik neft eksporti o‘rtacha kamida 2 million barrel darajasida amalga oshirildi. Oyning dastlabki 11 kunida jami eksport hajmi 13,7 milliondan 16,5 million barrelgacha bo‘lganligi taxmin qilinmoqda. Tehronning neft eksport quvvatiga zarba berish maqsadida AQSH Eronning muhim neft markazi bo‘lgan Xarg oroliga hujum uyushtirdi. Bu voqea global neft narxlarini yana yuqoriga ko‘tardi.

Osiyo davlatlari eng og‘ir zarbani qabul qilmoqda

Dunyoning eng yirik xam neft importchisi bo‘lgan Xitoy neftining 40 foizidan ortig‘i va gaz taminotining qariyb 30 foizi to‘xtab qoldi. Mintaqada 50 dan ortiq tanker yo‘lda qolib ketgan. Inqirozni boshqarish uchun Pekin yoqilg‘i zaxiralarini ko‘paytirdi, Erondan xavfsiz o‘tishni talab qildi va ichki bozordagi tanqislikni kamaytirish uchun yoqilg‘i eksportini taqiqladi.

Neft importining 70 foizini va gaz ehtiyojining yarmidan ko‘pini Ko‘rfazdan taminlaydigan Hindiston esa rupiya bosimi va o‘sib borayotgan inflyatsiyaga duch kelmoqda. Hindistonning kunlik neft iste’moli taxminan 5,5 million barrelni tashkil etadi. AQSH global taminotni saqlab qolish va narxlar oshishini cheklash maqsadida Hindistonga 30 kun davomida Rossiya neftini sotib olishga ruxsat berdi.

Neftining 75 foizini Yaqin Sharqdan oladigan Yaponiya hamda 70 foizini shu mintaqadan taminlaydigan Janubiy Koreyaning energiya zaxiralari faqat bir necha haftaga yetishi aytilmoqda. Janubiy Koreyada ba’zi yoqilg‘i shoxobchalari narxlar 20 foizga oshganini ma’lum qildi, hukumat esa neft narxlariga yuqori chegara (limit) joriy etilishini e’lon qildi. Tailand va Bangladesh kabi boshqa davlatlar esa yoqilg‘i tanqisligi, elektr uzilishlari va sanoat ishlab chiqarishining sekinlashishi bilan kurashmoqda.

Yevropa va Afrikada yoqilg‘i tanqisligi

Yevropada energiya xarajatlari va inflyatsiya ko‘tarilmoqda. Ko‘rfazdagi zavodlarning yopilishi inqirozni yanada chuqurlashtirmoqda, biroq turli xil energiya manbalari salbiy tasirlarni qisman cheklamoqda. Hurmuzdagi to‘sqinliklar nafaqat xam neft oqimini, balki qayta ishlangan yoqilg‘i taminotini ham kamaytirmoqda.

Ko‘rfaz zavodlari ishlab chiqargan yoqilg‘ini yetkazib berishda qiynalmoqda. Bunga Quvaytning kunlik 615 ming barrel quvvatga ega ulkan "Al Zour" zavodi ham kiradi. Ushbu inshoot Yevropa va Afrika uchun muhim aviatsiya yoqilg‘isi manbasi hisoblanadi. Saudiya Arabistoni, Iroq, Quvayt va Birlashgan Arab Amirliklarini o‘z ichiga olgan Ko‘rfaz ishlab chiqaruvchilari ishlab chiqarishni kamaytirib, ba’zi zavod va terminallarda favqulodda holat (fors-major) e’lon qildi. Bu holat eksportni yanada pasaytirdi.

Ko‘rfaz neftining nisbatan kichik importchisi bo‘lgan AQSHda ham benzin va energiya narxlari oshmoqda. Donald Tramp ma’muriyati favqulodda choralar doirasida Strategik Neft Zaxirasidan 172 million barrel neftni bozorga chiqardi. Shuningdek, global dengiz tashuvlari xarajatlari, sug‘urta to‘lovlari va taminot zanjiridagi uzilishlar tez sur’atlarda o‘sib bormoqda. Bu holat energiya bozoridan tashqari xomashyo, metallar va turli tovarlar narxiga ham tasir ko‘rsatmoqda.