Turkiya va Misr o'zaro savdo hajmini 15 milliard dollarga chiqarmoqchi
Erdo'g'an: Turkiya va Misr o'rtasidagi hamkorlikning o'sishi mintaqaviy barqarorlikka hissa qo'shadi.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an Misr bilan hamkorlik mintaqaviy barqarorlikka hissa qo‘shayotganini va Anqara bu hamkorlikni investitsiya hamda savdo sohalarida samarali tarzda rivojlantirishni istayotganini bildirdi.
Erdo‘g‘an Qohirada bo‘lib o‘tgan Turkiya–Misr Biznes Forumi yakunida so‘zga chiqib, “15 milliard dollarlik ikki tomonlama savdo hajmi maqsadimiz doirasida Misr Prezidenti Abdul Fattah as-Sisi bilan yaqin hamkorligimizni davom ettiramiz”, dedi.
Prezident Erdo‘g‘an Oliy Darajadagi Strategik Hamkorlik Kengashi yig‘ilishida savdo va iqtisodiy aloqalar batafsil muhokama qilinganini hamda munosabatlarning poydevorini mustahkamlovchi va barcha sohalarni qamrab oladigan kelishuvlar imzolanganini ta’kidladi.
“Global iqtisodiyotda bir tomondan proteksionizm va ichki bozorni yopish tendensiyalari kuchayib borar ekan, boshqa tomondan farovonlikni saqlab qolish uchun hamkorlikning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Tobora murakkablashib borayotgan ushbu sharoitda, sizlarning qo‘llab-quvvatlashingiz bilan iqtisodiyotlarimiz birgalikda kuchayib, o‘sishiga chin dildan ishonaman,” dedi u.
Erdo‘g‘an Misr 8 milliard dollardan ortiq savdo hajmi bilan Turkiyaning Afrikadagi eng yirik savdo hamkori ekanini qayd etib, “Misrning eng ko‘p eksport qilinadigan mamlakatlari orasida 7,4 foizlik ulush bilan uchinchi, eng ko‘p import qilinadigan mamlakatlari orasida esa 3,4 foizlik ulush bilan yettinchi o‘rinda turibmiz,” deya ta’kidladi.
Shuningdek, Prezident savdo vazirlari Yuqori Darajadagi Savdo Maslahat Mexanizmining navbatdagi yig‘ilishini Anqarada o‘tkazishini ma’lum qildi.
Prezident Erdo‘g‘an, “Erkin Savdo Bitimimizni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ham qamrab oladigan tarzda yangilash bo‘yicha ishlarimizni davom ettirmoqdamiz. Joriy yilda Anqarada o‘tkazishni rejalashtirayotgan 6-chi Qo‘shma Qo‘mita yig‘ilishi ham shu yo‘nalishda muhim siljishga erishishni maqsad qilgan,” dedi.
Erdo‘g‘an Turkiyaning Misrdagi turli sohalardagi sarmoyalari qariyb 4 milliard dollarni tashkil etishini va hozirda ushbu investitsiyalar 100 ming nafar misrlik fuqaroni ish bilan ta’minlayotganini ham qo‘shimcha qildi.
Turk kompaniyalari yuqori eksport salohiyatiga ega, o‘z sohalarida yetakchi ekanini ta’kidlagan Prezident, turk pudratchilari Misrda jami qiymati 1 milliard dollardan oshadigan 27 ta loyihani amalga oshirganini bildirdi.
Erdo‘g‘an, shuningdek, Misrning “2030 Vizyonu” doirasida rejalashtirilgan 14 ta yangi aqlli shahar qurilishida ham turk kompaniyalari ishtirok etishiga umid bildirdi hamda turk ishbilarmon doirasiga bo‘lgan ishonchi va turk kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlagani uchun Misr Prezidenti Sisiga minnatdorlik izhor etdi.
Shu bilan birga, Prezident Turkiyaning qurilish sohasidagi texnologiya va standartlarini Misrning ishchi kuchi va tajribasi bilan uyg‘unlashtirish Afrika va Osiyo bo‘ylab yirik miqyosli loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga xizmat qilishini ta’kidladi.