Liviya harbiy delegatsiyasi halok bo‘lganlar uchun Anqarada marosim o‘tkazildi
Turkiya poytaxti Anqarada sodir bo‘lgan fojiali aviahalokatda halok bo‘lgan liviyalik harbiy rasmiylar xotirasiga duo qilinib, hurmat bajo keltirildi.
Turkiya shanba kuni Anqarada, aviahalokat oqibatida hayotdan ko‘z yumgan va ular orasida Liviya Bosh shtabi boshlig‘i, general-polkovnik Muhammad Ali al-Haddad ham bo‘lgan liviyalik harbiy delegatsiya a’zolarining jasadlarini Liviyaga yuborishdan oldin marosim o‘tkazdi.
Liviya harbiy delegatsiyasini olib ketayotgan maxsus reys 23-dekabr kuni Anqarada qulab tushgan. Hodisa oqibatida delegatsiyadan besh nafar a’zo va uch nafar ekipaj xodimi — jami sakkiz kishi halok bo‘lgan.
Marosim Murted Harbiy-havo bazasi qo‘mondonligida bo‘lib o‘tdi. Tadbir ishtirokchilari bir daqiqalik sukut saqlashdi. Shundan so‘ng Qur’oni karim tilovati o‘qildi va vafot etganlar uchun duo qilindi.
Marhumlarning ismlari o‘qib eshittirilgach, liviyalik delegatsiya a’zolarining jasadlari samolyotga joylanib, Liviyaga jo‘natildi.
Marosimda Turkiya Milliy mudofaa vaziri Yashar Guler, Bosh shtab boshlig‘i general-polkovnik Selchuk Bayraktaro’g‘lu, Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni general-polkovnik Metin To’kel, Dengiz kuchlari qo‘mondoni admiral Erjument Tatlio’g‘lu, Liviyaning Anqaradagi elchisi Mustafa Elgelaib, Liviya harbiy delegatsiyasi a’zolari hamda marhumlarning oila a’zolari qatnashdi.
Halok bo‘lganlar orasida Liviya Bosh shtabi boshlig‘i general-polkovnik Muhammad Ali al-Haddad, Liviya Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni general-leytenant Futuri Gribel, Liviya Harbiy zavodlar boshqarmasi direktori brigada generali Mahmud Juma al-Giteviy, Bosh shtab boshlig‘ining maslahatchisi Muhammad Assaviy hamda fotograf Muhammad Umar Ahmad Mahjub bor.
Bosh shtab boshlig‘i general-polkovnik Selchuk Bayraktaro’g‘lu ham liviyalik harbiy delegatsiya jasadlari mamlakatiga yuborilgach, u yerda o‘tkaziladigan harbiy marosimda ishtirok etish uchun Liviyaga yo‘l oldi.