Isroillik noqonuniy ko‘chmanchilar al - Aqso jome' masjidiga bostirib kirdi
Ramazon oyining beshinchi kunida Isroillik noqonuniy ko‘chmanchilar al - Aqso jome' masjidiga bostirib kirdi.
Falastin ommaviy axborot vositalari yakshanba kuni (22.02.2026) xabar berishicha, Ramazon oyining beshinchi kunida o‘nlab isroillik ko‘chmanchilar ishg‘ol ostidagi Sharqiy Quddusda joylashgan al - Aqso jome’ masjidiga kirib borgan.
Rasmiy Falastin axborot agentligi WAFA ma’lumotiga ko‘ra ko‘chmanchilar Isroil politsiyasi himoyasi ostida muqaddas hududga kirib, jome’ masjidi hovlisida Talmudik va provokatsion marosimlar o‘tkazgan.
Agentlik ushbu bostirib kirish harakatini Isroilning al - Aqso jome’ masjidi va Sharqiy Quddusda “demografik o‘zgarishlar qilishga qaratilgan takroriy choralari”ning bir qismi ekanini bildirdi.
Ishg‘ol ostidagi Sharqiy Quddusda yashovchi falastinliklar, ko‘chmanchilar tomonidan uyushtirilgan bosqinlar vaqtida ibodat qiluvchilarga nisbatan jismoniy tajovuzlar hamda masjidga kirish cheklovlari kabi muntazam ta’qiblarga duch kelmoqda.
Ramazon oyi Falastin hamda ko‘plab arab va musulmon mamlakatlarida chorshanba kuni boshlandi.
Xavfsizlik choralari
Isroil har yili Ramazon oyida ishg‘ol ostidagi Sharqiy Quddus va uning atrofida xavfsizlik choralarini kuchaytirib, falastinliklarning al - Aqso jome’ masjidiga kirishiga monelik qilish uchun turli cheklovlar joriy etadi.
Isroil politsiyasi Quddusdagi Islomiy fondlar boshqarmasining (Islomiy Vaqf) bu amaliyotni to‘xtatish haqidagi takroriy chaqiriqlariga qaramay, 2003 - yildan boshlab ko‘chmanchilarning masjid majmuasiga kirishiga ruxsat berib kelmoqda.
Al - Aqso jome’ masjidi musulmonlar uchun eng muqaddas uchinchi maskan hisoblanadi. Yahudiylar esa hududni Ma’bad tog‘i deb ataydi va qadimda bu yerda ikki yahudiy ibodatxonasi bo‘lganini ta’kidlaydi.
Falastinliklar al - Aqso jome’ masjidini kelajakdagi davlatlarining poytaxti sifatida ko‘rmoqda, Isroil esa Quddusning sharqiy va g‘arbiy qismlari bilan birga butun shaharni o‘z poytaxti deb hisoblaydi.