Poytaxt Anqarada Alisher Navoiy xotirasiga hurmat bajo keltirildi

Mahmud Qoshg‘ariy yoqqan mash’alani davom ettirgan turk dunyosining buyuk shoiri, tilshunosi va mutafakkiri Alisher Navoiyga poytaxtimiz Anqarada hurmat bajo keltirildi.

By
_

Bugun (13.02.2026) poytaxtimiz Anqara shahrida turk dunyosi adabiyotining buyuk namoyandasi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiy xotirasiga hurmat bajo keltirildi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turk Madaniyati tashkiloti TURKSOY, O‘zbekiston Respublikasining Anqaradagi elchixonasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi, Anqara Ijtimoiy fanlar universiteti hamkorligida dastlab TURKSOY Bosh kotibiyatida, so‘ngra Anqara Ijtimoiy fanlar universitetida Alisher Navoiy tavalludining 585 - yilligi munosabati bilan xotira marosimi va xalqaro panel o‘tkazildi.

TURKSOY Bosh kotibiyatida bo‘lib o‘tgan tadbirda Turk dunyosining Anqaradagi elchilari, O‘zbekistondan maxsus taklif etilgan olimlar va taniqli akademiklar ishtirok etdi. Tadbir TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi rahbari - O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi rahbari doktor Musa Kozim Arijonning kirish so‘zlari bilan boshlandi. Ular o‘z chiqishlarida, asosan, Alisher Navoiy asarlari, ularning turkiy adabiyotdagi o‘rni va ahamiyatiga urg‘u berdilar.

Anjuman Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinovning ma’ruzasi bilan boshlandi. Unda Navoiy merosining turk dunyosi madaniyati tarixida tutgan o‘rni, asarlarining turlari, hajmi va mazmuni, xususan, turkiy tilga bo‘lgan e’tibori va ijodi alohida qayd etildi.

Shuningdek, XV asrda saroy tili sifatida keng qo‘llanilgan fors tilidan turkiy tilning funksional jihatdan boy va kuchli ekanligini asoslovchi «Muhokamat ul - lug‘atayn» ya’ni «Ikki til muhokamasi» asari haqida fikr yuritildi. Sirojiddinov bu asardan ham muhim baytlar keltirdi.

Panelda TURKSOYga a’zo davlat olimlari ham o‘z mamlakatlarida Alisher Navoiy bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar haqida qisqacha so‘zlab berishdi.

Alisher Navoiy tavalludining 585 - yilligi munosabati bilan tashkil etilgan xotira marosimi va xalqaro panel tushdan keyin Anqara ijtimoiy fanlar universitetida davom etdi.