Global yadroviy siyosat: Atom bombasiga ega bo‘lish kimning haqqi?
Bugungi kunda xalqaro xavfsizlik tizimida yadroviy qurollar ham tiyib turuvchi kuch, ham global tahdid manbai hisoblanadi.
Bu zamonaviy xalqaro munosabatlardagi eng katta paradokslardan biri: eng kuchli yadro quroliga ega davlatlar boshqalarga qurolsizlanishni aytmoqda.
Ammo yadro quroliga ega bo'lmagan davlatlar haqida nima deyish mumkin? Ulardan qoidalarga rioya qilishlari talab qilinadi yoki jiddiy oqibatlarga olib kelishi haqida ogohlantiriladi.
Bugun sizlar bilan nizolarni bostirish, tahdidlar va ikki tomonlama standartlar o'rtasidagi noaniq tafovutlarni ko'rib chiqamiz.
Ushbu podcast muallif Sami Al-Arianning “Isroilda bomba boʻlishi mumkin, lekin Eronda boʻlishi mumkin emas: Xalqaro tartibning ikkiyuzlamachiligi” nomli maqolasidan tayyorlangan.
Keling endi, Isroil va Eron haqida gaplashaylik. Isroil hech qachon yadro quroliga ega ekanligini rasman tan olmagan, biroq sunʼiy yoʻldosh tasvirlari, maʼlumot tarqatuvchi xabarlar, rasmiylar va oshkor qilingan hujjatlarga koʻra, unda 100 dan 400 tagacha yadro qurilmalar boʻlishi mumkin.
Qolaversa, Isroil hech qachon Yadro qurollarini tarqatmaslik to'g'risidagi shartnomani (NPT) imzolamagan. Nima uchun?
Eron esa shartnomani imzoladi. U xalqaro tekshiruvlarga ruxsat beradi. Shu kungacha yadroviy bomba ishlab chiqargani yoki unga egalik qilganiga oid hech qanday dalil topilmagan. Shartnoma talablariga ko'ra, u atom energetikasini rivojlantirish huquqiga ega.
Bu jarayonda shunday savol tug'iladi. Kim yadro quroliga ega bo'lishi mumkin va bunga kim qaror beradi?
Yadro qurollari tarixi 1945 yilda boshlangan. Qo'shma Shtatlar Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga ikkita atom bombasini tashlagan. Bulletin of Atomic Scientists nashriga ko'ra, hodisada qariyb 210 ming odam halok bo'lgan.
AQSh urushlarda yadro qurolidan foydalanadigan yagona davlat hisoblanadi. Ko'p o'tmay yadro poygasiga boshqa davlatlar ham qo'shildi.
1949 yilda Sovet Ittifoqi (hozirgi Rossiya Federatsiyasi) o'zining birinchi atom bombasini sinovdan o'tkazdi. 1952 yilda Britaniya, 1960 yilda Fransiya, 1964 yilda Xitoy bular qatoriga qo'shildi.
Mazkur besh davlat 1968 yilda imzolangan Yadro qurollarini tarqatmaslik to'g'risidagi shartnomaga ko'ra, rasmiy ravishda yadroviy kuchga aylandi. Ular ayni vaqtda, BMT Xavfsizlik Kengashining beshta doimiy a'zosi edilar.
Ularning rejasi shunday edi. Oxir-oqibat qurolsizlanishi va buning evaziga boshqa davlatlar yadroviy qurol yaratmaslik majburiyatini olishi edi. Lekin bunday bo‘lmadi.
Oradan 50 yildan ko‘proq vaqt o‘tdi va ushbu besh davlatning hech biri o‘z qurolidan voz kechmadi. Bular qatoriga yana to'rtta davlat qo'shildi.
1998 yilda raqib davlatlar Hindiston va Pokiston yadro qurolini ishlab chiqdi va shartnomani imzolashdan bosh tortdi. Ikkalasi ham og'ir sanksiyalar va diplomatik izolyatsiyaga duch keldi, ammo vaqt o'tishi bilan bu bosim pasaydi.
Shimoliy Koreya 2003-yilda shartnomadan chiqdi va 2006-yilda oʻzining birinchi bombasini sinovdan oʻtkazdi. Kunimizda Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalar hamon davom etmoqda.
Ortidan Isroil... Bu ajabtovur holat...
Isroil 1950-yillarda Fransiya yordamida o'zining yadroviy dasturini ishlab chiqqani aytiladi. O'sha paytdagi AQSh prezidenti Jon Kennedi Isroilga bosim o'tkazgan.
Kennedi yadroviy qurol tarqalishiga ashaddiy qarshi edi.
1960 yilda AQSh razvedka va havo kuzatuvi orqali Isroilning Dimona yadroviy inshootini topishga muvaffaq bo’ldi. Kennedi Isroilni muntazam AQSh tekshiruvidan o'tishga chaqirdi va Isroilning o'sha paytdagi Bosh vaziri Devid Ben-Gurionga shaffoflikni talab qilgan holda, bir qator maktublar yubordi.
Kennedi 1961 yil 25 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasida Isroilga qarshi ma’ruza qildi.
Har bir erkak, ayol va bola eng nozik ipga osilgan “Damokl qilichi” soyasida yashaydi. Urush qurollari bizni yo'q qilishdan oldin bartaraf etilishi kerak...
U o'z nutqida tilga olgan "Damoklning yadro qilichi" qadimgi yunon afsonasiga ko’ra, yadro quroli mavjud ekan, xavf doimo mavjud bo'lishini ta'kidlagan.
Afsonaga ko'ra, Damokl Sirakuza qiroli Dionis II ning kuchi va hashamatiga qoyil qolgan. Qirol unga kuch-qudratning o’ziga yarasha yuki borligini o'rgatish uchun taxtiga o'tirishga ruxsat beradi, lekin uning boshiga bitta ot tuki bilan bog'langan o'tkir qilichni qo'yadi.
1963 yilda Kennedi, agar talablarga rioya qilinmasa, AQShning qo’llab-quvvatlovi xavf ostida bo'lishi haqida ogohlantirgan. Ammo, Ben-Gurion to'satdan iste'foga chiqdi. Bir necha oy o’tib, Kennedi suiqasdga uchrab vafot etdi.
Tarixshunos Martin Sandlerning fikricha, Isroil razvedka xizmati Mossad AQShning tazyiqlarini to'xtatishda rol o'ynagan bo'lishi mumkin, ammo bu munozarali holat bo'lib qolmoqda.
Kennedining o'limidan so'ng, AQSh prezidenti Lindon B. Jonson talablarni yumshatdi. Isroilning yadroviy dasturini nazoratsiz davom ettirishga ruxsat berdi.
Isroil hech qachon o'zining yadroviy faoliyatlarini rasman e'lon qilmagan, ammo uning mavjudligini tasdiqlovchi ko'plab dalillar bor.
1986 yilda isroillik yadro mutahassisi Mordexay Vanunu Britaniyaning "The Sunday Times" gazetasiga Isroil yadroviy dasturining fotosuratlari va texnik tafsilotlarini oshkor qilishi eng aniq dalil sifatida e'tirof etildi. Vanunu Mossad tomonidan o'g'irlab, Isroilga olib ketilgan va 18 yilga qamalgan.
AQShning sobiq prezidenti Jimmi Karter va sobiq davlat kotibi Kolin Pauell ham Isroilning yadroviy zaxirasini ochiq tan olgan.
Ko'rinishidan, AQSh va Isroil o'rtasida kelishuv mavjud edi: Isroil o'z yadro qurolini omma oldida sinovdan o'tkazmaydi, AQSh va uning ittifoqchilari esa boshqacha qarashadi.
Keling endi Eronga to’xtalaylik. Eron Yadro qurollarini tarqatmaslik to'g'risidagi shartnoma bo'yicha tinch yadroviy energiyani rivojlantirish huquqiga ega, ammo qurol ishlab chiqarish huquqiga ega emas.
Xalqaro atom energiyasi agentligining qat'iy nazorati ostida Eronning yadroviy inshootlari minglab marta tekshirildi va shu kungacha yadro qurol dasturiga oid hech qanday dalil topilmadi.
Shuning uchun Isroilning xalqaro huquq va global me'yorlarga to'liq mos keladigan Eron yadro dasturini yo'q qilishga urinayotgani kinoyalidir.
Ular Eron Isroilga ekzistensial tahdid solayotganini iddao qilmoqda.
Haqiqatan ham shundaymi?
Isroillik ingliz tarixshunos Avi Shlaim boshqacha fikrda:
Eron Isroil uchun ekzistensial emas, balki strategik tahdiddir. Eron hech qachon qo'shnilariga hujum qilmagan.
Ammo Isroil ularga bir necha bor hujum qildi. Eron kelishuvni imzoladi. Isroil imzolashdan bosh tortdi. Eron tekshiruv uchun ochiq. Isroil esa bunga qarshi. Eron yadro quroliga ega emas. Ammo Isroilda 75 dan 400 tagacha yadro quroli mavjud. Bu holatda Isroil aslida Eronga tahdid solmoqda.
Shunday ekan, Eron kabi bir davlat hali bitta bomba ishlab chiqarmagan yadro dasturi uchun havo hujumlariga duch kelganida, ikki tomonlama adolatsizlikka e'tibor bermaslik qiyin.
Har bir yadroviy kuch dunyoga: "Bizga ishoning, biz javobgarmiz", deydi. Ammo ularning hech biri qurolsizlanmaydi.
Agar yadroviy qurol kuch va xavfsizlikni ta'minlasa, qanday qilib dunyo har qanday davlat undan voz kechishini kutishi mumkin?
Shimoliy Koreya kabi davlatlar bundan saboq olishgan: agar siz rejim xavfsizligini istasangiz, bombaga ega bo’ling!
Ammo Eron kabi davlatlar haqida nima deyish mumkin? Ular qoidalarga rioya qilishadi, lekin baribir jazolanadilar.
Eron yadroviy qurol ishlab chiqarayotgani haqida hech qanday dalil yo‘q. Ammo Isroil tomonidan boshlagan va AQSh hamda uning ittifoqchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan tajovuz Eronning siyosatini o‘zgartirishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Haqiqat shundaki, hech bir davlat yadroviy qurolga nisbatan ma'naviy monopoliyaga ega emas.
Yangi yadroviy davlatlar o'z arsenallarini mavjud tizimning ikkiyuzlamachiligi va ishonchsizligi soyasida qurdilar.
Isroil kabi davlatlarga maxsus ruxsatnoma berilgan, Eron esa qoidalarga amal qilgan taqdirda ham, himoyadan mahrum bo’ladi.
Sizga quyidagi savolni bergan holda dasturni yakunlamoqchimiz: Qaysi davlat atom bombaga ega bo'lishi mumkin? Yana ham muhimi... kim bunga ega bo'lishga loyiq?
Ushbu podcast TRT Worldda chop etilgan maqoladan olingan.