Medvedev: AQSH siyosati Uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkin
Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev, AQSH prezidenti Donald Trampning siyosati keskinlikni oshirayotgani va yanada kengroq global to‘qnashuvga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Rossiyaning qudratli Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari dushanba kuni bergan bayonotida, agar AQSH prezidenti Donald Tramp "siyosiy rejimlarni jinoiy ravishda o‘zgartirish yo‘lidagi telbacha intilishini davom ettirsa", Uchinchi jahon urushi chiqishini ta’kidladi. Rossiya davlat axborot agentligi TASS bilan o‘tkazgan intervyusida Dmitriy Medvedev Vashingtonning harakatlarini "AQSH va uning ittifoqchilarining global hukmronlikni saqlab qolish jangi" deb atadi.
Medvedev: "Agar Tramp o‘zining telbacha yo‘lidan borib, siyosiy rejimlarni jinoiy ravishda o‘zgartirishda davom etsa, bu albatta boshlanadi. Va har qanday voqea turtki (trigger) bo‘lishi mumkin", — deb ogohlantirdi. U "har qanday voqea" haqida gapirar ekan, Eron muqaddas urush e’lon qilganidan beri AQSH va Isroil rasmiylarining himoyasizligi "sezilarli darajada oshganini" baholadi.
Medvedev shunday dedi: "Eronliklarning hali juda jiddiy javob qaytarmaganliklari, ularning qo‘lida imkoniyat yo‘qligini anglatmaydi. Ular kutishni biladilar; ular qadimiy sivilizatsiyadir".
Trampning "og‘ir xatosi"
2008-2012 yillar oralig‘ida Rossiya prezidenti bo‘lgan Medvedev: "Tramp og‘ir xatoga yo‘l qo‘ydi", — deb aytdi. U: "O‘z qarori bilan barcha amerikaliklarni potensial xavf ostiga qo‘ydi, garchi Eron rejimi qo‘shni arab davlatlarida yoqtirilmasa ham", — dedi.
Eronning bu to‘qnashuvga dosh bera olishi haqidagi savolga Medvedev: "Ular uddalashadi, lekin qayta tiklanish badali yuqori bo‘ladi. Bu yuqori darajadagi ijtimoiy jipslashuvni talab qiladi. Va amerikaliklar aynan shunday jipslashuvni ta’minlab berishdi", — deya javob qaytardi.
Yevropa davlatlarining AQSH va Isroil harakatlariga munosabatini "laganbardorlik va pastkashlik" deb atagan Medvedev: "Yevropalik tobe’lar, Amerika-Isroilning 'sariq shabnam' dozasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘zlariga olganlaridan so‘ng, shahvat va zavq bilan yuzlarini artmoqdalar", — deb ta’kidladi.
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) bir necha yil avval Rossiya sportchilariga qilgani kabi AQSH va Isroil sportchilarini ham musobaqalardan chetlatishi yoki chetlatmasligi so‘ralganda, Medvedev XOQ asoschisi Per de Kuberten tamoyillarini eslatib o‘tdi. U XOQ va Olimpiya harakati tarqatib yuborilishi hamda qaytadan qurilishi kerakligini bildirdi.
"AQSH Rossiyadan qo‘rqadi"
Rossiya-Ukraina muzokaralariga ham to‘xtalib o‘tgan Medvedev, Ukrainaga qo‘shimcha kuch yetkazish uchun vaqt ajratish maqsadida Moskvani Kiyev bilan muzokaralarga "ko‘ndirish" xavfi borligini tan oldi.
G‘arb poytaxtlaridagi kimdir bir kun kelib muammoni Moskva bilan hal qilishga qaror qilmasligiga kafolat bormi degan savolga Medvedev: "Ahmoqlar va klinik darajadagi pastkashlarning harakatlariga qarshi sehrli yechim yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas", — dedi. Biroq u: "Faqat bir narsa kafolatlangan: AQSH Rossiyadan qo‘rqadi va yadroviy to‘qnashuv badalini biladi. Agar shunday to‘qnashuv yuz bersa, Xirosima va Nagasaki bolalar qum maydonchasidagi o‘yinchoqdek bo‘lib qolardi", — deya xulosa qildi.