Ijtimoiy tarmoqlardan voz kechish baxt kaliti bo‘lishi mumkin
Psixologlarning aytishicha, bu qaramlik ortida hayot boshqa bir joyda — boshqalarning ijtimoiy tarmoq lentasida kechayotgandek tuyuladigan doimiy xavotir yotadi.
Kunimizda ko‘plab odamlar uchun tong bir piyola qahva yoki bog‘da sayr bilan emas, balki ijtimoiy tarmoqda vaqt o’tkazish bilan boshlanadi. Hatto ayrimlar tun yarmida uyg‘onib, oxirgi joylagan selfisiga kelgan bildirishnomalar yoki layklarni ko’zdan kechiradi.
Ijtimoiy tarmoqlar va onlayn yangiliklarga qaram avlod uchun bildirishnomalar, layklar va qisqa videolar kunning ritmini belgilab beradi.
Psixologlarning aytishicha, bu qaramlik ortida hayot boshqa bir joyda — boshqalarning ijtimoiy tarmoq lentasida kechayotgandek tuyuladigan doimiy xavotir yotadi. Bu holat FOMO — ya’ni “Fear of Missing Out”, Yangilikdan qolib ketish qo‘rquvi deb ataladi.
Ammo dunyo uzluksiz axborot oqimi ostida tobora charchab borar ekan, akademik doiralarda yangi bir tushuncha e’tiborni torta boshladi:
JOMO — “Joy of Missing Out” — Yangilikni o‘tkazib yuborishdan rohatlanish.
JOMO tushunchasi yaqinda Washington State universiteti hamda bir nechta Turkiya universitetlari tadqiqotchilari olib borgan xalqaro ilmiy tadqiqot orqali akademik adabiyotga kirib keldi. Psychological Reports nomli taqrizdan o‘tgan ilmiy jurnalda chop etilgan ushbu tadqiqot Turkiyaning 29 viloyatidan 18–45 yosh oralig‘idagi 932 nafar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisini qamrab oldi.
Tadqiqot e’tiborga molik natijalarni ko‘rsatdi. Ijtimoiy tarmoqlardan ongli ravishda uzoqlashgan insonlarda stress, xavotir, yolg‘izlik va depressiya darajalari pastroq, hayotdan qoniqish esa yuqoriroq ekani aniqlandi.
FOMO bezovtalik va doimiy qiyoslashni keltirib chiqarsa, JOMO insonlarni lahzadan zavq olishga va oflayn bo‘lishni yo‘qotish emas, balki erkinlik sifatida ko‘rishga chorlaydi.
Tadqiqot mualliflaridan biri Adem Kantar shunday deydi:
“Oflayn bo‘lishdan chin dildan zavq oladigan odamlar — ijtimoiy tarmoqqa qaram bo‘lib qolish xavfi eng past bo‘lgan shaxslardir. Ular yolg‘iz qolganida zerikmaydi va vaqtini raqamli tomoshabinlarsiz ham mazmunli o‘tkaza oladi”
Kantarning so‘zlari ayniqsa muhim:
“Kunimizda odamlar hamma narsaga ulgurishga urinib, aslida o‘z hayotlarini o‘tkazib yuborishmoqda”, deydi u.
Hamma baxtli ko‘rinadi
Istanbulda faoliyat yuritayotgan, juftliklar va yoshlar bilan ishlovchi klinik psixolog Fazilat Seyito‘g‘li ijtimoiy tarmoqlardan haddan tashqari foydalanish nafaqat diqqatni chalg‘itishini, balki jiddiy hissiy zo‘riqish manbai ekanini ta’kidlaydi.
Seyito‘g‘lining aytishicha:
“Ijtimoiy tarmoqlarda haddan ziyod vaqt o‘tkazish depressiya va xavotir bilan bog‘liq. Insonlar doim boshqalarning hayotini kuzatganda, o‘z hayotlarini e’tiborsiz qoldirishadi — bundan ham yomoni, o‘zlaridan norozilik hissi paydo bo‘ladi”
Seyito‘g‘li internetda ko‘rsatilayotgan hayot ko‘pincha bir illyuziya ekanini ta’kidlaydi:
“Ekranda hamma cheksiz baxtli ko‘rinadi. Ammo hech kim janjallarni, yolg‘izlikni, charchoqni, hatto o‘sha yorqin suratlar ortidagi qarzlarni ko‘rmaydi. Ijtimoiy tarmoqlar aslida sun’iy baxt olamidir” deydi psixolog Fazilat Seyito‘g‘li.
Uning fikricha, bu illyuziya qiyoslash madaniyatini kuchaytiradi. Hayotdagi muhim lahzalar — chaqaloq bayramlari, unashtiruv marosimlari, tug‘ilgan kunlar — go’yo kamera uchun sahnalashtirilmoqda.
“Oilaga xos bo‘lishi kerak bo‘lgan onlar endi xarajat va dabdabaning namoyishiga aylanmoqda. Masalan, yosh qizlar yoshi kichik va chiroyli bo‘lishiga qaramay, doimiy ravishda go‘zallik mahsulotlarini sotib olishga jalb qilinmoqda”, — deydi Seyito‘g‘li.
Bu ta’sirlar nikoh marosimlariga ham ta’sir ko’rsatmoqda. Seyito‘g‘lining aytishicha, ko‘plab erkaklar terapiya mashg‘ulotlarida turmush o‘rtoqlarining internetda ko‘rgan sovg‘a va e’tiborlar asosida paydo bo‘lgan talablaridan shikoyat qilishadi.
“Bu talablar haqiqiy istakdan emas, balki qiyoslashdan kelib chiqadi. Ijtimoiy tarmoqlar odamlarga sevgini moddiy belgilar bilan o‘lchashni o‘rgatmoqda”, — deydi u.
Yosh avlodning ovozi
Mutaxassislar bilan bir qatorda, yoshlar ham doimiy onlayn bo‘lishning oqibatlari borligini ayta boshlashdi.
Ismini oshkor etmagan yosh ayol ijtimoiy tarmoqlardan voz kechish qarorini qanday qabul qilganini hikoya qiladi:
“Olti oy oldin barcha akkauntlarimni o‘chirdim. Avvaliga g‘alati tuyuldi — xuddi shaxsiyatimning bir qismini yo‘qotgandek bo‘ldim. Ammo hozir kunlarim meditatsiya, sokin sayrlar va o‘zimga ajratgan vaqt bilan to‘la”,-deydi u.
U tashvish darajasi sezilarli kamayganini va hozir ijtimoiy tarmoqlarda kezgan paytidagidan ko‘ra o‘zini baxtliroq his qilayotganini qo‘shimcha qiladi.
“Oxir-oqibat hech narsani qo‘ldan boy bermayotganimni tushundim — aksincha, ekranga tikilib turib, o‘z hayotimni boy berayotgan ekanman”,- deya xatosini tan oldi.
Mutaxassislar boshqalarning nima qilayotgani bilan band bo‘lish o‘rniga, mavjudlik, shukronalik va qabul qilish tushunchalariga e’tibor qaratishni tavsiya etadi.
Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, JOMO’ni qabul qilgan insonlar kitob o‘qish, yurish, kundalik yozish, musiqa tinglash yoki shunchaki sukunatdan zavq olish kabi yolg‘iz bajariladigan mashg‘ulotlardan rohat olishadi va ularni boshqalar bilan bo‘lishishga ehtiyoj sezishmaydi.
Fazilat Seyito‘g‘li mavzuni yakunlar ekan, quyidagi savolni beradi:
“Boshqalarda mavjud bo’lgan narsa nima uchun menda yo‘q?’ deb so‘rash o‘rniga, ‘Bugun meni nima kuldirdi? Qaysi go‘zallikni payqadim? Menga tegishli oddiy baxtlarim nimalar?’ deb so‘rashimiz mumkin.”
“Haqiqiy baxt mana shu yerda”,- deb qo‘shimcha qiladi psixolog Fazilat Seyito‘g‘li.
Raqamli dunyo tezlashgan sari, JOMO ommaviy madaniyatga qarshi, hatto biroz isyonkor harakatdek tuyulishi mumkin.
Ammo psixologlar buni chekinish emas, balki muvozanatga kelish deb baholashadi. Ularning fikricha, bu — cheksiz qiyoslash majburiyatidan xalos bo‘lib, hayotning oddiy go‘zalliklarini qayta kashf etish yo‘lidir.
Seyito‘g‘li FOMO’dan JOMO’ga o‘tish ijtimoiy tarmoqlardan butunlay voz kechish emas, balki ular bilan bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish ekanini ta’kidlaydi.
U fikrini quyida so‘zlar bilan yakunlaydi:
“Boshqalarning hayoti ortidan quvishni to‘xtatganingizda, o‘z hayotingizni qayta kashf etasiz”
Xo‘sh, unday bo’lsa, JOMO’ni tanlagan holda, oflayn bo‘lish zavqini his qilish uchun o‘zingizga bir imkon berishga nima deysiz?
E’tiboringiz uchun rahmat. Navbatdagi qiziqarli podkastimizda uchrashguncha xayr salomat bo’ling!