Isroil ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, G‘azoda ushlab turilgan isroillik asirlarni ozod qilish jarayoni Netzarim yo‘lagi orqali ertalab soat 8:00 (0500 GMT) da boshlandi va G‘azoning Xon Yunus shahrida soat 10:00 da davom etishi kutilmoqda.
Dushanba kuni isroilliklar vayron bo‘lgan G‘azodan so‘nggi 20 nafar tirik asirni kutib olishga tayyorlanmoqda. Bu, Tel-Avivning Falastin anklaviga qarshi ikki yillik shafqatsiz urushi ortidan erishilgan muhim sulh almashinuvi sifatida baholanmoqda.
Falastinliklar esa Isroil tomonidan ushlab turilgan yuzlab kishilarning ozod qilinishini kutmoqda.
Bu voqea G‘azodagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha tinchlik sammiti arafasida sodir bo‘ldi. Ushbu sammit Misrning Sharm ash-Shayx shahrida o‘tkaziladi va AQSh Prezidenti Donald Tramp hamda Misr Prezidenti Abdul Fattoh as-Sisining raisligida o‘tadi.
Sammitda 20 dan ortiq davlat rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Iordaniya qiroli Abdulla II, Bahrayn qiroli Hamad bin Iso Al Xalifa, Buyuk Britaniya bosh vaziri Keir Starmer, Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches, Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif va Germaniya kansleri Fridrix Mers bor.
Misr tomoni ta’kidlaganidek, sammitning asosiy maqsadi — “G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatish, Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash hamda mintaqaviy xavfsizlikning yangi bosqichini boshlashdir.”


















