Turkiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasida yangi kelishuv
Turkiya Respublikasi Savdo vaziri O’mer Bo’lat, strategik suv yo‘lidan o‘ta olmayotgan mahsulotlar muqobil logistika kanallari orqali yo‘naltirilayotganini ma’lum qildi.
Savdo vaziri O’mer Bo’lat, Hormuz bo‘g‘ozidagi uzilishlar tufayli mintaqa mamlakatlariga yuk tashish to‘xtab qolmasligi uchun Saudiya Arabistoni bilan tranzit savdosi boshlanganini bildirdi. Anqarada o‘tkazilgan marosimda so‘zlagan vazir Bo’lat, strategik yo‘llardan o‘tolmayotgan mahsulotlar muqobil kanallar orqali yetkazilishini ta’kidladi. Saudiya Arabistoni bilan tuzilgan shartnomaga diqqat qaratib: “Bu orqali Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tolmagan mahsulotlarning bir qismini quvurlar, bir qismini esa quruqlikdagi transport vositalari yordamida mintaqa davlatlariga tashishda davom etamiz”, deb aytdi.
Bo’lat kelishuv doirasida tranzit vizalari berila boshlanganini tasdiqladi va bu holat Ko‘rfazdagi savdo oqimini saqlab qolishga yordam berishini qo‘shimcha qildi.
Muqobil yo‘nalishlar
Fevral oyi oxirida AQSH va Isroilning Eronga hujumlari bilan boshlangan urushga ishora qilgan Bo’lat: “Energiya havzalari harakat uchun yopildi. Hormuz bo‘g‘ozi berkilishi bilan qayta ishlangan neft mahsulotlarining katta qismini tashib bo‘lmay qoldi. Neft-kimyo mahsulotlari, kimyoviy moddalar va o‘g‘itlar kabi tovarlarda ham jiddiy qiyinchiliklar yuzaga keldi”, dedi.
Vazir iqtisodiy manfaatlarga zarar yetmasligi uchun hukumat ish olib borayotganini uqtirdi. Turkiya logistika sohasida katta yutuqlarga erishganini qayd etib, mamlakat hozirda 112 milliard dollar qiymatidagi logistika sektoriga ega ekanini bildirdi.
Qishloq xo‘jaligi masalasida esa Bo’lat Turkiyaning yetarli zaxiralarga ega ekanini va bu yil ishlab chiqarishda rekordlar kutilayotganini aytdi. Shuningdek: “Qishloq xo‘jaligida mahsulot tanqisligi bo‘lmasligi uchun o‘g‘it zaxiralarini shakllantirib olgan edik. Eksportni nazoratga oldik, importda esa bojxona to‘lovlarini nolga tushirdik”, deb qo‘shimcha qildi.