Erdo‘g‘an Yaqin Sharqdagi hujumlar ustidan tomonlarni qoraladi

Prezident Erdo‘g‘an AQSh bilan Isroil tomonidan Eronga qarshi uyushtirilgan hujumlar va Tehronning javob tariqasida bergan zarbasini keskin qoralab, mintaqaviy urushning oldini olish uchun shoshilinch ravishda diplomatik yechimlar talab qildi.

By
_

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an shanba kuni (28.02.2026) bergan bayonotida Eron va uning raqiblari o‘rtasida kuchayib borayotgan zo‘ravonlik Yaqin Sharqni yanada keng ko‘lamli mojaroga tortib ketish xavfini tug‘dirayotganini bildirdi. Barcha tomonlarning so‘nggi hujumlarini qoralagan Erdo‘g‘an zudlik bilan diplomatiyaga qaytish zarurligini ta’kidladi.

Erdo‘g‘an, Turkiya Amerika Qo‘shma Shtatlari va Isroil tomonidan amalga oshirilgan qo‘shma hujumlardan chuqur tashvishda ekanini bildirib; ularni Eron mustaqilligining buzilishi hamda mintaqaviy tinchlikka tahdid soluvchi harakatlar sifatida baholadi.

Shu bilan birga Erdo‘g‘an Eronning Fors ko‘rfazi mamlakatlariga nisbatan javob tariqasida amalga oshirgan insonsiz havo transporti va raketa hujumlarini ham tanqid qilib, bunday harakatlar qabul qilib bo‘lmay turgan darajada noto‘g‘ri ekani hamda keskinlik davom etgudek bo‘lsa unda yanada yirik inqiroz yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Isroil bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari shanba kuni (28.02.2026) Eronga qarshi hujumlar uyushtira boshlagan edi. AQSh Prezidenti Donald Trump bu hujumlar Tehronning raketa inventarizatsiyasini yo‘q qilish va uning yadroviy qurol ishlab chiqishining oldini olishga qaratilganini ifoda etgan edi.

Ankara diplomatik sa’y - harakatlarini kuchaytiradi

Erdo‘g‘an, Anqara avvalo o‘t ochishni to‘xtatish, so‘ngra muzokaralarni qayta boshlash uchun diplomatik sa’y - harakatlarini kuchaytirishini ma’lum qildi. U, ayniqsa Islom dunyosi boshchiligida barcha mintaqaviy aktorlar zo‘ravonlikni to‘xtatish uchun tezkor harakat qilishi zarurligini ta’kidladi.

«Agar sog‘lom fikr yuritilmagudek bo‘lsa va diplomatiyaga imkon berilmasa unda mintaqamiz olov halqasiga tortilib ketish xavfi ostida qoladi», - dedi Erdo‘g‘an va turk rasmiylari mojarolarning kengayib ketishi ehtimoliga qarshi zarur choralarni ko‘rayotganini o‘z so‘ziga ilova qildi.

Turkiya mintaqadagi bir necha tomon bilan aloqalarini saqlab qolgan holda, ko‘proq qon to‘kilishining oldini olish maqsadida inqirozda ehtimoliy vositachi sifatida maydonga chiqmoqda.