Xitoy Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi sulh jarayonini mamnuniyat bilan qarshi oldi
Xitoy Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi sulh jarayonida Turkiya, Saudiya Arabistoni va Qatar rolini yuqori baholadi.
Xitoy payshanba kuni (19.03.2026) Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi sulh jarayonida Turkiya, Saudiya Arabistoni va Qatar rolini yuqori baholadi.
Islomobod va Kobul tomonidan e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini mamnuniyat bilan qarshi olgan Xitoy Tashqi Ishlar vazirligi Matbuot xizmati kotibi Lin Jian Pekin yuqorida nomi tilga olingan ikki mamlakatdan sokinlikni saqlash, vazminlik ko‘rsatish, imkon qadar tezroq tinchlik muzokaralarini qayta boshlash, keng ko‘lamli va barqaror sulhga erishish, kelishmovchiliklarni muloqot yo‘li bilan hal qilish hamda ikki davlat va mintaqa tinchligi hamda barqarorligini birgalikda ta’minlashni kutayotganini bildirdi.
Lin Anqara, Riyod va Dohoning sulhga erishishdagi roliga to‘xtalib: «Xitoy tegishli islom mamlakatlarining sa’y - harakatlarini qadrlaydi», - dedi.
U Xitoy o‘z kanallari orqali tomonlar o‘rtasida o‘rtamchilik qilgani va bu yo‘nalishda konstruktiv rol o‘ynashga tayyorligini bildirdi.
Pokiston chorshanba kuni (18.03.2026) Turkiya, Saudiya Arabistoni va Qatar talabiga binoan Ramazon hayiti munosabati bilan Afg‘onistondagi harbiy amaliyotni vaqtincha to‘xtatganini e’lon qildi.
Vaqtincha to‘xtatish
Keyinchalik Afg‘oniston hukumati Matbuot xizmati kotibi Zabihulloh Mujohid ham Saudiya Arabistoni, Turkiya va Qatarning yaxshi niyatli chaqiriqlarini inobatga olgan holda Ramazon hayiti oldidan amaliyotlar vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Afg‘oniston bilan Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi haftalarda chegara tarangliklari kuchayishi sabab yomonlashdi. Bu esa inson o‘limlaridan tashqari moddiy ziyon ham keltirib chiqardi.
Joriy yilning fevral oxiridan buyon chegaradagi to‘qnashuvlarda har ikki tomondan kamida 107 kishi halok bo‘ldi; ular orasida Pokistondan 13 nafar harbiy va 5 nafar tinch aholi bor. Bir askar esa haligacha bedarak.
Afg‘on rasmiylari dushanba kuni (16.03.2026) giyohvandlikka qarshi davolash shifoxonasiga qarshi uyushtirilgan hujumdagi so‘nggi yo‘qotishlardan tashqari, mamlakatda 13 nafar harbiy bilan 76 nafar tinch aholi halok bo‘lganini bildirdi. Afg‘on tomoni Pokiston havo hujumlarida 408 kishi halok bo‘lganini iddao qilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistondagi yordam missiyasi dushanba kungi hujumdan tashqari, 26 - fevraldan 16 - martgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida Afg‘onistonda tinch aholidan 76 kishi halok bo‘lgani va 213 kishi jarohatlanganini ma’lum qildi.
Islomobod Afg‘onistonni Pokistonga qarshi terrorchi guruhlarni boshpana bilan ta’minlashda ayblamoqda, Kobul esa bu ayblovlarni rad etmoqda.