Erdo'g'an: Turkiya Suriyadagi vaziyatni yaqindan kuzatib bormoqda
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo'g'an terrorizmdan xoli va barcha sohalarda rivojlanayotgan tinch Suriya mintaqaviy barqarorlikka hissa qo'shishini ta'kidladi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Toyyip Erdo‘g‘an va AQSh Prezidenti Donald Tramp ikki tomonlama munosabatlar hamda mintaqaviy va global masalalarni muhokama qilish maqsadida telefon orqali muloqot o‘tkazdi.
Bu haqda Turkiya Prezidentining Aloqa boshqarmasi ma’lum qildi.
Prezident Erdo‘g‘an Trampga Turkiya Suriyadagi voqealarni yaqindan kuzatib borayotganini, Suriyaning birligi, birdamligi va hududiy yaxlitligi Anqara uchun muhim ekanini ta’kidladi.
Yetakchilar, shuningdek, DEASH terror tashkilotiga qarshi kurash va Suriyadagi qamoqxonalarda saqlanayotgan DEASH a’zolarining holati haqida ham fikr almashdilar.
Erdo‘g‘an “terrordan xoli, barcha sohalarda rivojlanayotgan va tinch Suriya mintaqaviy barqarorlikka hissa qo‘shishini” qayd etdi.
G‘azoda tinchlik uchun AQSh bilan muvofiqlashtirish
Erdo‘g‘an G‘azo masalasiga ham to‘xtalib, mintaqada tinchlikni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar davom etayotganini bildirib, Turkiya bu borada AQSh bilan muvofiqlashgan holda harakat qilishni davom ettirishini aytdi.
Shuningdek, Erdo‘g‘an Trampga G‘azo Tinchlik Kengashiga bildirgan taklifi uchun minnatdorlik bildirdi.
Tramp seshanba kuni bergan bayonotida, Erdo‘g‘an bilan juda muhim telefon suhbati o‘tkazishini aytgan edi.
Oq uy juma kuni Trampning G‘azoda Isroilning genotsidini doimiy ravishda to‘xtatish va mintaqani qayta tiklashni maqsad qilgan 20 banddan iborat rejasini amalga oshirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydigan G‘azo Tinchlik Kengashi tuzilganini e’lon qildi. Kengash strategik nazoratni ta’minlash, xalqaro resurslarni safarbar etish va G‘azoning mojarodan tinchlik va taraqqiyot jarayoniga o‘tishida hisobdorlikni ta’minlashni maqsad qilgan.
Shuningdek, AQSh Trampning G‘azo mojarosini tugatishga qaratilgan Keng qamrovli rejasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish uchun G‘azo Boshqaruvi Milliy Qo‘mitasi, Ta’sis Ijroiya Kengashi va o‘tish davri doirasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida G‘azo Ijroiya Kengashini ham tashkil etdi.
Tramp Turkiya Prezidenti Rejep Toyyip Erdo‘g‘an ham kirgan ayrim davlat va hukumat rahbarlarini ushbu kengashga a’zo bo‘lishga taklif qildi.