Ukraina delegatsiyasi muzokara uchun Jenevaga yo‘l oldi
Ukraina delegatsiyasi Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtamchiligida Rossiya bilan olib borilayotgan muzokara uchun Jenevaga yo‘l oldi.
Ukraina delegatsiyasi 17–18 fevral kunlari Rossiya va Amerika Qo‘shma Shtatlari (AQSh) o‘rtamchiligida o‘tkazilishi kutilayotgan navbatdagi tinchlik muzokaralari uchun Jenevaga yo‘l oldi. Bu haqda Ukraina Prezident ofisi rahbari Kirilo Budanov ma’lum qildi.
Budanov dushanba kuni (16.02.2026) Telegram orqali o‘zi va delegatsiyaning yana ikki a’zosi bilan poezd vagonı oldida tushgan suratini ulashib, mavzu haqida shunday dedi: “Jenevaga ketyapmiz. Muzokaralarning navbatdagi bosqichi bizni kutmoqda. Yo‘l davomida hamkasblarimiz bilan tariximizdan chiqargan saboqlarni muhokama qilib, to‘g‘ri xulosalarga kelishga harakat qilamiz. Ukraina manfaatlari himoya qilinishi kerak”.
Joriy yilda Rossiya, Ukraina va AQSh ishtirokida o‘tkazilgan ilk uch tomonlama xavfsizlik maslahatlashuvlari 23 - 24 yanvar kunlari Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu - Dabida bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu uchrashuvlarda Moskva delegatsiyasiga Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Igor Kostyukov boshchilik qilgan.
Ikkinchi tur esa 4 – 5 fevral kunlari yana shu shaharda o‘tkazildi.
Kreml Matbuot xizmati kotibi Dmitriy Peskov o‘tgan hafta Ukrainadagi mojaro bo‘yicha navbatdagi muzokaralar ham Rossiya – AQSh – Ukraina uch tomonlama formatida o‘tkazilishi hamda uchrashuvlar 17 – 18 fevral kunlari Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgan edi.