20 dan ortiq davlat RSF zo‘ravonliklarini qoralab, zo‘ravonlikka chek qo‘yishga chaqirdi

Imzo chekkanlar orasida Kanada, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Germaniya, Irlandiya, Shvetsiya, Avstriya, Xorvatiya, Chexiya, Finlyandiya, Polsha va Shveytsariya bor.

By
IOM reports nearly 89,000 people have been displaced from Al Fasher and its surroundings in North Darfur since October 26.

Dushanba kuni 20 dan ortiq davlatning tashqi ishlar vazirlari va yuqori lavozimli rasmiylari Sudandagi vahshiyliklar va xalqaro gumanitar huquq buzilishlarini qoralovchi qo‘shma bayonot e’lon qilib, “fuqarolarga qarshi tizimli zo‘ravonlik haqidagi xabarlar bizni chuqur tashvishga solmoqda”, deb bildirishdi.

Bayonotda aytilishicha, “El-Fashir shahrining Tezkor Qo‘llab-quvvatlash Kuchlari (RSF) tomonidan egallanishi paytida va undan keyin tinch aholiga qarshi davom etayotgan zo‘ravonliklardan” jiddiy tashvish bildirilgan, shuningdek, Shimoliy Darfur va Kordofan mintaqalaridagi janglarning kuchayishi xavotir uyg‘otgan.

Bayonotda “tinch aholining ataylab nishonga olinishi, etnik asosdagi ommaviy qirg‘inlar, mojaro bilan bog‘liq jinsiy zo‘ravonlik, urush quroli sifatida ochlikdan foydalanish va insonparvarlik yordamini to‘sish” kabi harakatlar xalqaro gumanitar huquqning jirkanch buzilishi sifatida baholandi.

“Bu kabi harakatlar isbotlansa, xalqaro huquqqa ko‘ra urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar sifatida baholanadi,” — deyiladi bayonotda.

Vazirlar va rasmiylar zo‘ravonlikni darhol to‘xtatishga chaqirib, “jazodan ozodlikka barham berilishi va javobgarlik ta’minlanishi” zarurligini ta’kidladilar.

Ular, Sudan xalqini himoya qilish va adolatni tiklash nafaqat yuridik majburiyat, balki axloqiy zarurat ekanini ham urg‘uladi.

Bayonotda shuningdek, “gumanitar yordamlarga qo‘yilgan cheklovlar tufayli keng miqyosda ochlik va qahatchilikning davom etishi qabul qilib bo‘lmas holatdir,” deb aytildi va hukumatdan Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP), BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) hamda boshqa tashkilotlarga yordamni erkin yetkazish imkonini berish so‘raldi.

“Barcha tomonlar xalqaro gumanitar huquqqa rioya etishi lozim,” deyiladi bayonotda. Shuningdek, tinch aholiga xavfsiz o‘tish imkoniyatini yaratish va BMT Xavfsizlik Kengashining 2736-sonli qarori asosida yordamni tezkor yetkazishni ta’minlash chaqirig‘i ham ilgari surildi.

Guruh, urushayotgan tomonlarni otashkesimga va uch oylik gumanitar kelishuvga rozi bo‘lishga chaqirdi. Ular Sudan hududiy yaxlitligiga tahdid soluvchi har qanday harakatlarga qarshi ogohlantirib, “Biz mamlakatning suvereniteti, birligi va hududiy yaxlitligiga, shuningdek, xalqining tashqi aralashuvsiz tinchlik, qadr-qimmat va adolatda yashash huquqiga bo‘lgan qo‘llab-quvvatlovimizni yana bir bor tasdiqlaymiz,” deb bildirishdi.

Imzo chekkan davlatlar orasida Kanada, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Germaniya, Irlandiya, Shvetsiya, Avstriya, Xorvatiya, Chexiya, Finlyandiya, Polsha va Shveytsariya bor edi.

Vazirlar va rasmiylar barcha tomonlarni muzokara stoliga qaytishga chaqirib, “faqat keng va inklyuziv, sudanliklar boshchiligidagi siyosiy jarayon mamlakat muammolarini hal qila oladi,” degan fikrni bildirdilar.

Yakshanba kuni Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (IOM) xabar berishicha, RSF 26-oktabrda shaharni egallab olganidan buyon Shimoliy Darfurdagi El-Fashir va uning atrofida 89 mingga yaqin kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Mahalliy va xalqaro tashkilotlarning ma’lumotiga ko‘ra, RSF El-Fashirni nazoratiga olib, etnik asosdagi qirg‘inlar sodir etgan. Tahlilchilar bu hujum mamlakatning hududiy bo‘linishini doimiylashtirib yuborishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

2023-yil 15-apreldan beri Sudan armiyasi bilan RSF o‘rtasida davom etayotgan urush, mintaqaviy va xalqaro vositachilik harakatlariga qaramay, to‘xtamayapti. Mojaro minglab insonlarning halok bo‘lishiga va millionlab kishilarning boshpanasiz qolishiga sabab bo‘lgan.