Erdoʻgʻan Turkiyaning harbiy yutuqlarini yuqori baholadi
Prezident Erdoʻgʻan yangi yil kuni kechasi askarlarga murojaat qilar ekan, Turkiyaning harbiy yutuqlarini yuqori baholadi.
Prezident Rejep Tayyip Erdoʻgʻan kecha (31.12.2025) soʻzlagan nutqida Anqara, mudofaa sohasida mintaqaviy va global barqarorlikni ta’minlash uchun katta oʻzgarishlarga yoʻl ochuvchi shaxdam qadamlar tashlayotgani, bu qadamlar Turkiya Respublikasining asoschisi Mustafa Kemal Ataturkning «Yurtda sulh, jahonda sulh» tashqi siyosat tamoyiliga mos ekanini ta’kidladi.
Ichki birdamlikni mustahkamlash borasidagi sa’y - harakatlarga, ayniqsa mudofaa sanoatidagi o‘yin qoidalarini o‘zgartiruvchi yutuqlarga urg‘u berar ekan, Erdoʻgʻan mavzu haqida: «Hududimiz va undan tashqarida barqarorlikni ta’minlash uchun qat’iy kurash olib boryapmiz», - dedi.
Yangi yil kechasida u poytaxt Anqaraning Poʻlatli tumanida joylashgan Artilleriya va raketa maktabi qoʻmondonligida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarga telefon orqali murojaat qildi.
Erdo‘g‘an Altay tanklari, Firtina gaubitsalari, ATAK vertolyotlari, qurolli va qurolsiz insonsiz havo vositalari, uzoq masofali raketalar, havo mudofaa tizimlari, harbiy kemalar, suv osti kemalari hamda uchuvchisiz dengiz vositalarini oʻz ichiga olgan holda Turkiyaning tobora kengayib borayotgan qurol - yarog‘ salohiyati mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlari asosida rivojlanayotganini ta’kidladi.
«Biz mudofaa sohasining barcha yo‘nalishlarida katta yutuqlarga erishgan bir davrni boshdan kechiryapmiz», — degan Erdoʻgʻan, mamlakat o‘z resurslariga tayangan holda o‘zini - o‘zi ta’minlay oladigan harbiy infratuzilma barpo etayotganini bildirdi.
Prezident, «jiddiy qiyinchiliklar va to‘siqlar»ga qaramay, Turkiya so‘nggi yutuqlarini barqaror muvaffaqiyatlarga aylantirish uchun tarixiy imkoniyatni qo‘lga kiritganini ifoda etdi.
Davlat rahbari, hukumatining, mamlakatni yana - da kuchaytirish va kelajak avlodlarga yangi, qudratli va buyuk Turkiyani meros qilib qoldirish borasidagi qat’iy majburiyatini yana bir bor tasdiqladi.