Antoniu Guterrish Yaqin Sharqdagi voqealarga e'tibor qaratdi

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Anqaraga bo‘lgan tashrifi chog‘ida Yaqin Sharqdagi voqealarga alohida e'tibor qaratib, Turkiyaning tinchlik uchun qilgan ishlarini yuqori baholadi.

By
_

Antoniu Guterrish Amerika Qo‘shma Shtatlari va Isroil tomonidan Eronga qarshi uyushtirilgan hujumlar yuzasidan avj olgan keskinlashuv Yaqin Sharqni muhim sinovlarga duchor qilayotgani va uning oqibatlari jang maydonidan ancha tashqariga yoyilayotganiga e’tibor qaratdi.

Payshanba kuni poytaxt Anqarada Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an tomonidan shaxsiga Ataturk Xalqaro tinchlik mukofoti taqdim etilgan marosimda nutq so‘zlagan BMT Bosh kotibi, urush allaqachon mintaqaning bir necha davlatga ta'sir qilib bo‘lganini ifoda etdi.

U keskinlashuv global savdo yo'llarini buzayotgani, energiya narxlarini oshirayotgani va kambag'al hamda zaif aholi qatlamlariga nisbatan beqiyos ta'sir ko'rsatadigan beqarorlikni kuchaytirayotganini ta’kidladi.

Guterrish: «Muzokara va taranglikni kamaytirish — kelajak uchun yagona yo‘ldir» - degan holda tomonlarni to‘qnashuvlarni to‘xtatishga, xalqaro huquq doirasida tinch aholini himoya qilishga va muzokaralarga qaytishga chaqirdi.

Tinchlik — birlashishga chaqirishdir

O‘z so‘zini Turkiya va uning xalqiga minnatdorchilik bildirgan holda boshlagan Guterrish, mukofot jahon miqyosidagi chuqur azob - uqubatlar va geo - siyosiy bo‘linishlar kuchaygan bir pallada berilayotganini ifoda etdi. Tinchlik qay darajada muhim ekanini ta’kidlagan BMT Bosh kotibi: “«inchlik — birlashishga chaqirishdir. Bu chora ko‘rishga chaqirishdir» - dedi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi, mukofotni jahondagi insonparvarlik yordamida, rivojlanish va inson huquqlari uchun ishlayotgan BMT xodimlari nomidan qabul qilgani, ayniqsa mojarolarda xizmat qilib halok bo'lgan xodimlarga, jumladan G‘azoda halok bo‘lganlarga bag‘ishlashini bildirdi.

Turkiyaning gumanitar roli uchun maqtov yog‘dirildi

Guterrish, urush va zulmdan qochgan millionlab qochqinga quchoq ochgani uchun Turkiyaning rolini alohida ta'kidlab o‘tdi. «Misli ko‘rilmagan majburiy ko'chishlar paytida Turkiya o‘z darvozalarini ochdi, millionlab inson zo‘ravonlik va zulmdan qochib Turkiyada jon saqladi», - dedi.

U shuningdek Anqaraning global inqirozlarda o‘rtamchilik qilish sa'y - harakatlarini, jumladan Qora dengiz don tashabbusidagi roli va G‘azoda sulhga erishish hamda mahbuslarni ozod qilish bo‘yicha olib borgan diplomatik tashabbuslarini maqtadi.

Xalqaro taranglik avj olmoqda

BMT Bosh kotibi geo - siyosiy raqobatlar kuchayib, xalqaro huquq tez - tez buzilayotgan bir paytda xalqaro tizimning tobora bosim ostida ekanini qayd etdi.

«Biz dunyoda tinchlik haqida ko‘p gapiramiz lekin uni juda kam ko‘ramiz» - degan Guterrish; harbiy xarajatlarning ortishi, tengsizlikning kengayishi va sun'iy intellekt kabi yangi texnologiyalar zo‘ravonlik xavfini yanada oshirishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

To‘qnashuvlarda eng katta badalni haligacha tinch aholi to'layotganini ta’kidlagan Guterrish, Yaqin Sharq inqirozi bularning eng fojiali misollaridan biri ekanini o‘z so‘ziga ilova etdi.