AQSh va Rossiya rasmiylari Floridada yana Ukrainani muhokama qiladi
AQSh muzokarachilari Ukraina va yevropalik hamkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlardan so‘ng, Floridada Rossiya rasmiylari bilan uchrashadi; biroq Moskva o‘zining keskin talablarida turib olibdi.
AQSh muzokarachilari Prezident Donald Tramp ma’muriyatining Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatishga qaratilgan sa’y-harakatlari doirasida shanba kuni Floridada Rossiya rasmiylari bilan bir araya keladi.
Mazkur uchrashuv Rossiyaning 2022-yil fevralida boshlagan keng ko‘lamli urushiga yechim topish umidini uyg‘otgan tinchlik rejasi bo‘yicha AQShning juma kuni ukrainalik va yevropalik rasmiylar bilan o‘tkazgan muzokaralaridan so‘ng tashkil etilmoqda.
Prezident Vladimir Putinning maxsus vakili Kirill Dmitriyev Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qiladi. U ko‘chmas mulk magnatidan diplomatga aylangan Stiv Vitkoff (Steve Witkoff) va Trampning kuyovi Jared Kushner bilan uchrashadi. Trampning eng yuqori darajali diplomati va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Marko Rubio ham muzokaralarda ishtirok etishi mumkinligini bildirdi.
Bundan oldingi uchrashuvlar Vitkoffning Mayamidagi "Hallandale Beach" golf klubida bo‘lib o‘tgan edi.
Shu hafta boshida AQSh, Ukraina va Yevropa rasmiylari urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar doirasida Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlari borasida siljish bo‘lganini ma’lum qildi, biroq ushbu shartlar Moskva tomonidan qabul qilinish-qilinmasligi noaniqligicha qolmoqda. Reuters agentligiga gapirgan rus manbasi Dmitriyev va ukrainalik muzokarachilar o‘rtasida hozircha har qanday uchrashuv ehtimoli istisno etilganini aytdi.
Yon berish yo‘q
AQSh razvedka hisobotlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaning barcha qismini egallab olish niyatida ekanligi haqida ogohlantirishda davom etmoqda; bu holat ba’zi AQSh rasmiylarining "Moskva tinchlikka tayyor" degan iddaolariga zid keladi.
Putin Moskvadagi yillik matbuot anjumanida hech qanday yon bermasligini ta’kidladi. Rossiyaning urushni tugatish shartlari 2024-yil iyunidan beri o‘zgarmagan: Ukraina NATOga a’zo bo‘lish niyatidan voz kechishi va Rossiya o‘z hududi deb hisoblaydigan to‘rtta Ukraina viloyatidan qo‘shinlarini to‘liq olib chiqishi kerak.
Kiyev esa Moskva kuchlari qariyb to‘rt yildan beri davom etayotgan urushda egallay olmagan yerlarni tark etmasligini bildirmoqda.
Ukrainaning bosh muzokarachisi Rustem Umerov juma kuni AQSh va Yevropa jamoalari muzokaralar o‘tkazganini va qo‘shma sa’y-harakatlarni davom ettirishga qaror qilganliklarini aytdi. Umerov Telegram kanalida: "Amerikalik hamkorlarimiz bilan keyingi qadamlar va yaqin kelajakda birgalikdagi ishlarni davom ettirish bo‘yicha kelishib oldik", — deb yozdi va muzokaralar natijasi haqida Prezident Vladimir Zelenskiyga hisobot berganini qo‘shimcha qildi.
Oq uy bu boradagi izoh so‘rovlariga hali javob bermadi.
Marko Rubio juma kuni jurnalistlarga urushni tugatish bo‘yicha olg‘a siljish borligini, ammo hali bosib o‘tilishi kerak bo‘lgan yo‘l uzoqligini aytdi:
"Oxir-oqibat, kelishuvga erishish ularning o‘ziga bog‘liq. Biz Ukrainani kelishuvga majburlay olmaymiz. Rossiyani ham majburlay olmaymiz. Ularning o‘zlari buni xohlashi kerak. Bizning vazifamiz — ular kelisha oladigan umumiy nuqtalar bor-yo‘qligini aniqlashdir. Buning uchun ko‘p vaqt va energiya sarfladik va sarflashda davom etamiz. Bu imkonsiz bo‘lishi ham mumkin, ammo umid qilamanki, buning iloji bor. Umid qilamanki, bu oy ichida, yil tugashidan oldin bu masala hal bo‘ladi."