Kanada Bosh vaziri bojlarni pasaytirib, Xitoy avtomobillariga yo‘l ochdi
Kanada Bosh vaziri Mark Karni Xitoyning Kanada qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bojlarni kamaytiradigan va qariyb 50 mingta Xitoy elektr avtomobilining Kanadaga imtiyozli tarifalar bilan kirishiga yo‘l ochadigan tarixiy savdo kelishuvini e’lon qildi.
Kanada Bosh vaziri Mark Karni ikki davlat rahbarlarining Pekindagi uchrashuvidan so‘ng, juma kuni Xitoy raisi Si Szinpin bilan mamlakatlar mahsulotlariga qo‘llaniladigan tarifalarni kamaytirishga qaratilgan kelishuvga erishilganini e’lon qildi.
“Kanada va Xitoy savdo to‘siqlarini olib tashlash va tarifalarni pasaytirish bo‘yicha ilg‘or va tarixiy savdo kelishuviga erishdi,” dedi Karni Xitoy poytaxtida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
2017-yildan beri Xitoyga tashrif buyurgan ilk Kanada bosh vaziri bo‘lgan Karni bir necha oy davom etgan diplomatik sa’y-harakatlardan so‘ng mamlakatining AQShdan keyin ikkinchi yirik savdo hamkori bilan aloqalarni qayta tiklashga harakat qilayotganini bildirdi.
“1-martga qadar Kanada Xitoy tomonidan Kanada kanola urug‘lariga qo‘llanilayotgan bojlarning pasaytirilishini kutmoqda. Yangi umumiy stavka taxminan 15 foizni tashkil etadi… bu esa amaldagi 84 foizlik umumiy tarifalar darajasiga nisbatan sezilarli pasayishdir,” dedi Karni.
Kanada 49 mingta Xitoy elektr avtomobilini imtiyozli tarifalar asosida import qiladi — Karni
Karni Kanadaning yangi imtiyozli tarifalar doirasida 49 mingta Xitoyda ishlab chiqarilgan elektr avtomobilini import qilishga ruxsat berishini aytdi.
“Kanada eng ko‘p qulaylik berilgan davlat tarifi — 6,1 foiz stavkada, eng ko‘pi bilan 49 mingta Xitoy elektr avtomobilining Kanada bozoriga kirishiga rozilik berdi,” dedi Karni.
Bu qaror yaqinda yuzaga kelgan savdo ziddiyatlaridan oldingi darajalarga qaytishni anglatadi.
Mazkur ko‘rsatkich sobiq Bosh vazir Jastin Tryudo hukumatining 2024-yilda AQShning o‘xshash sanksiyalaridan keyin Xitoy elektr avtomobillariga joriy etgan 100 foizlik boj stavkalari bilan keskin farq qiladi. 2023-yilda Xitoy Kanadaga 41 ming 678 ta elektr avtomobil eksport qilgan edi.
Tryudo bu tarifalarni Xitoy ishlab chiqaruvchilari davlat subsidiyalaridan foydalangan holda adolatsiz global raqobat ustunligiga ega bo‘lib, mahalliy sanoatni tahdid ostiga qo‘yayotgani bilan izohlagan edi.