Bennett: Netanyahu hech bir jabhada gʻalaba qozonishni bilmaydi

Isroilning sobiq bosh vaziri Naftali Bennett amaldagi hukumat rahbarini keskin tanqid qilib, Binyamin Netanyahuning Gʻazo, Livan va Erondagi urushlarni boshqarish uslubini qoraladi.

By
Ultra-ortodoks yahudiylarni harbiy xizmatga chaqirish armiyadagi boʻshliqni toʻldirishga yordam berishi mumkin, ammo "hukumat siyosiy sabablarga koʻra bu qadamdan qochmoqda," dedi Bennett. / AP

Isroil matbuotida tarqalgan xabarlarga koʻra, Bennett payshanba kuni "Kanal 12" telekanaliga bergan mülokatida siyosiy yetakchilarni shaxsiy manfaatlarini xavfsizlik ehtiyojlaridan ustun qoʻyishda aybladi. Uning taʼkidlashicha, hozirgi siyosiy rahbariyat armiyaning bir necha jabhada bir vaqtning oʻzida gʻalaba qozonish qobiliyatiga toʻsqinlik qilmoqda. Bennett armiyada qariyb 20 ming askar yetishmayotganini, diniy jamoa vakillarini (ultra-ortodoks yahudiylar) xizmatga jalb qilish orqali bu boʻshliqni toʻldirish mumkinligini, biroq hukumat siyosiy sabablarga koʻra ushbu qadamdan qochayotganini bildirdi. "Isroildagi hozirgi rahbariyat hech bir sohada qanday gʻalaba qozonishni bilmaydi", deb qoʻshimcha qildi u.

Armiya ichki inqiroz yoqasida

"Haaretz" gazetasining yozishicha, Isroil harbiy vakili Effie Defrin ham askar yetishmovchiligi haqida ogohlantirgan. Uning soʻzlariga koʻra, Livan, Gʻazo, Gʻarbiy sohil va Suriyadagi qoʻshinlarni kuchaytirish zarur, ammo 15 ming nafar askar tanqisligi bunga xalaqit bermoqda. "Yedioth Ahronoth" nashri esa Bosh shtab rahbari Eyal Zamirning armiya ichidagi keskinlik kuchayib borayotgani haqidagi xavotirlarini eʼlon qildi. Yangi qonun loyihasi dindor yahudiylarni xizmatga jalb qilishni koʻzda tutgan boʻlsa-da, diniy partiyalar bunga qattiq qarshilik koʻrsatib, jarimaga tortish yoki jinoiy javobgarlikka tortish kabi choralarga qarshi chiqmoqda.

Mintaqada keskinlik ortmoqda

Ushbu bayonotlar AQSH va Isroilning 28-fevraldan beri Eronga qarshi hujumlari davom etayotgan va mintaqada quruqlikdan bostirib kirish xavfi ortgan bir paytga toʻgʻri keldi. Isroil 2-martdan boshlab Bayrutning janubiy mahallalari va Livan sharqiga havo hujumlarini kengaytirdi, keyingi kun esa cheklangan quruqlik amaliyotini boshladi.

Gʻazoda esa Isroil kuchlari 2025-yil 10-oktyabrdan beri amal qilayotgan otashkesinni deyarli har kuni buzib kelmoqda. Falastin Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotiga koʻra, ushbu buzilishlar natijasida 689 nafar falastinlik halok boʻlgan, 1860 nafari esa yaralangan. Mazkur otashkesin Gʻazoda 72 mingdan ortiq kishining oʻlimiga va sivil infratuzilmaning 90 foizi vayron boʻlishiga olib kelgan ikki yillik urushni tugatishi kutilayotgan edi. BMT hisob-kitoblariga koʻra, hududni qayta tiklash xarajatlari taxminan 70 milliard dollarni tashkil etadi.