Eron mojarosida Turkiya: Mintaqaviy vazminlik va barqarorlik tayanchi
TURKIYA
3 daqiqa o'qish
Eron mojarosida Turkiya: Mintaqaviy vazminlik va barqarorlik tayanchiAnqara mintaqaviy tinchlikni zaiflashtirish va iqtisodiy inqirozni keltirib chiqarish xavfi bo‘lgan tahlikali vaziyatda yana bir bor vositachilik rolini o‘z zimmasiga olishi mumkin bo‘lgan mavqeda turibdi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan Eron va Amerika rahbariyati bilan ham aloqa oʻrnatishning oʻziga xos qobiliyatiga ega. / AA

Yaqin Sharqdagi avvalgi to‘qnashuvlarda bo‘lgani kabi, Eronda davom etayotgan urush ham Turkiyaning harbiy, diplomatik va iqtisodiy sohalardagi o‘ziga xos o‘rnini yana bir bor kun tartibiga chiqardi. Tahlilchilarning fikricha, Anqara ushbu sohalardagi salohiyati tufayli inqirozni hal qilishda muhim rol o‘ynashi mumkin.

Amerika Qo‘shma Shtatlari (AQSH)ning Yaqin Sharqda kamida 19 ta harbiy bazasi mavjud bo‘lib, ularning aksariyati Bahrayn, Quvayt, Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) kabi energiya resurslariga boy davlatlarda joylashgan. Mintaqada Amerikaning kuchli harbiy ishtiroki va rivojlangan mudofaa tizimlari bo‘lishiga qaramay, bu davlatlarning barchasi, shuningdek, Iordaniya va Iroq ham Eronning AQSH bazalarini nishonga olgan raketa hujumlariga duch keldi.

Eron ballistik raketalari va uchuvchisiz uchish apparatlari Fors ko‘rfazi shaharlarini nishonga olayotgan bir paytda, NATO a’zosi va qudratli armiyaga ega bo‘lgan Turkiya bunday hujumlar to‘lqiniga duch kelmadi. Turkiyaga qaratilgan yagona raketa esa mamlakat havo hududiga kirmasdan avval O‘rta yer dengizida NATO mudofaa tizimi tomonidan qaytarildi. Shu bilan birga, Turkiya inqiroz kuchayishining oldini olishga urinayotgan betaraf kuch sifatida o‘z mavqeini mustahkamladi.

Turkiya Prezidenti Rejap Tayyip Erdog‘an Isroil armiyasi uyushtirgan hujumda Eron diniy yetakchisi Ali Xomanaiy halok bo‘lishi ortidan Tehronga ta’ziya bildirdi. Erdog‘an ayni vaqtda Eronning Fors ko‘rfazi davlatlariga hujumlarini qabul qilib bo‘lmas deb atadi va mintaqa "olovli halqa" ichida qolishi mumkinligidan ogohlantirdi. Turkiya urushayotgan tomonlarni nizoni imkon qadar tezroq yakunlashga chaqirar ekan, AQSH va Isroilning Eronga hujumini xalqaro huquqning "ochiqcha buzilishi" deb ta’rifladi.

Ukraina urushida ham betaraf siyosat yuritib, diplomatik tashabbuslar bilan chiqqan Anqara, AQSH va Eron o‘rtasidagi to‘qnashuvlarni to‘xtatish uchun vositachilik taklifini o‘rtaga tashladi.

Vazminlik ovozi

Anqaradagi Eron tadqiqotlari markazi tadqiqotchisi O’ral To‘g‘aning aytishicha, Turkiya urushni to‘xtatish uchun barcha choralarni ko‘rgan va ko‘rishda davom etadi. "Hozirgi bosqichda asosiy maqsad o‘t ochishni to‘xtatishdir. Sharoit qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Turkiya har doim barqarorlikni qo‘llab-quvvatlovchi strategiya yuritadi", — deya ta’kidladi u.

To‘g‘aning so‘zlariga ko‘ra, Anqara Sharqiy Afrikadan tortib Ukraina urushigacha bo‘lgan ko‘plab inqirozlarda vositachilik tajribasiga ega, biroq uch xil kuch ishtirok etayotgan hozirgi urushning ko‘lami tomonlarning muzokara irodasini talab qiladi. Turkiya NATO a’zosi bo‘lishiga qaramay, Ukraina urushida ham betaraf pozitsiyani egallab, Moskva bilan aloqalarni saqlab qolgan edi. Ekspertlar Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari Anqaraning shunga o‘xshash ehtiyotkor yondashuvni tanlashiga sabab bo‘lganini aytishmoqda.

Milliy mudofaa universiteti akademigi Ozgur Ko‘rpening fikricha, Turkiya Eronga qarshi pozitsiya egallashni istamaydi. "Turkiya kuchli tarixiy va madaniy aloqalarga ega bo‘lgan qo‘shnisining boshiga tushgan musibatda mas’ul bo‘lishni xohlamaydi", — dedi u. Uning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya xalqaro inqirozlarda passiv emas, balki "faol betaraflik" yondashuvini qo‘llamoqda va faqat o‘z hududiga hujum bo‘lsagina urushga kirishi mumkin.

Inqiroz paytidagi xavfsiz maskan

Ekspertlarga ko‘ra, Turkiyaning urushga qarshi pozitsiyasi va vositachilik harakatlari Anqaraning mintaqaviy "xavfsiz bandargoh" bo‘lish salohiyatini ko‘rsatmoqda. Turkiya va Eron o‘rtasida Suriya yoki Livan masalalarida kelishmovchiliklar bo‘lsa-da, tarixiy bog‘liqliklar Prezident Erdog‘anga Eron rahbariyati bilan samarali muloqot o‘rnatish imkonini beradi.

Eski turk zobiti O‘mer O‘zgulning fikricha, Eronning Turkiyaga nisbatan dushmanona munosabatda bo‘lishi uchun sabab yo‘q. Bunday qadam urush strategiyasi jihatidan Eron uchun jiddiy xato bo‘lar edi. Bu yondashuv energiya eksporti, oziq-ovqat importi va turizmga bog‘liq bo‘lgan Fors ko‘rfazi davlatlari uchun ham amal qiladi.

Eronning Hormuz bo‘g‘ozini amalda yopib qo‘yishi energiya yetkazib berishni jiddiy ravishda to‘xtatgan bir paytda, Turkiyaning "adolatli yondashuvi" har ikki tomon uchun ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda. O‘zgulning xulosasiga ko‘ra, Turkiya ham Fors ko‘rfazi davlatlari, ham Eron uchun ishonchli va xavfsiz maskan bo‘lib qolaveradi.

 

Boxabar bo'ling!
Prezident Erdo‘g‘an Chanoqqal'a shahidlarini yodga oldi
Turkiya Isroilning urush harakatlariga qaramay ehtiyotkor optimizmni saqlamoqda
Tashqi ishlar vaziri Fidan YeI Komissiyasi rahbarining bayonotini "afsuslanarli" deb atadi
Prezidentlik 7-xalqaro yaxta poygalarida milliy suverenitet kubogi boshlandi
Turkiya Isroilni Al-Aqso masjidida qonunbuzarliklarga yo'l qo'yganlikda aybladi
Erdo'g'an: Bolalar urush va zulmning badalini to‘lamasligi kerak
Turkiya va Birlashgan Qirollik strategik sheriklikni chuqurlashtirish uchun shartnoma imzoladi
Turkiya yangi ijtimoiy tarmoq qoidalarini joriy qildi
Erdo‘g‘an: Mintaqada davom etayotgan urushlar Yevropani zaiflashtira boshladi
Erdo‘g‘an Anqara sammiti oldidan NATO tarkibini kuchli ittifoqqa chaqirdi
Tashqi ishlar vaziri Fidan payshanba kuni Buyuk Britaniyaga ikki kunlik rasmiy tashrif bilan boradi
NATO Bosh kotibi Turkiya mudofaa sanoatini olqishladi
Turkiya bilan Yangi Zelandiya o‘zaro aloqalarni mustahkamlamoqchi
Turkiya Iroqda turkman hokim tayin qilinishini xursandchilik bilan qarshi oldi
Fidan: ADF global liderlarni mehmon qilar ekan Turkiya diplomatik rolini kengaytirmoqda
Emine Erdo‘g‘an «Falastin uchun bir yurak» panelida ishtirok etdi
Erdo‘g‘an Sloveniya, Komor orollari va DKR rahbarlarini qabul qildi
Hakan Fidan: "Diplomatiya mintaqadagi olovni yoyilmasdan oʻchirish irodasidir"
Erdo’gʻan: Eronga nisbatan noqonuniy hujumlar mintaqada xavfsizlik xatarlarini oshirdi
Hakan Fidan AQSH-Eron kelishuvi masalasida hamkasblari bilan muzokara oʻtkazdi