Isroil G‘azoda uch falastinlikni o‘ldirdi va o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini yana bir bor buzdi
Isroilning Shujoiyya mahallasini uchuvchisiz uchish apparatlari bilan nishonga olgan hujumlarida uch nafar falastinlik yosh halok bo‘ldi, boshqa hujumlarda esa ko‘plab kishilar jarohatlandi.
Tibbiy manbalarning xabar berishicha, Isroilning G‘azo shahri sharqi va G‘azo shimolidagi turli hududlarni nishonga olgan hujumlarida uch falastinlik vafot etdi, ular orasida bir bola ham bo‘lgan besh kishi yaralandi. Manbalar "Anadolu" agentligiga bergan ma’lumotiga ko‘ra, G‘azo shahri sharqidagi Shujoiyya mahallasida Mushtaha ko‘chasini nishonga olgan dron hujumidan so‘ng, uch nafar yosh yigitning jasadi G‘azo markazidagi "Al-Ahli Arab" shifoxonasiga olib kelingan.
Halok bo‘lganlar 17 yoshli Mahmud Sahir, 17 yoshli Yunus Said Ayad va 20 yoshli Abdulla Taysir Shumer ekani ma’lum qilindi. Boshqa bir hujumda esa Isroil droni G‘azo shahri sharqidagi Tuffoh mahallasiga qo‘l granatasi tashlashi oqibatida to‘rt falastinlik yaralandi. Yaradorlar shahar markazidagi "As-Saraya" maydonida joylashgan Falastin Qizil Yarim oy jamiyati dala shifoxonasiga yetkazildi.
G‘azo shimolida esa Isroil kuchlarining Jabaliya qo‘rg‘onidagi Halava qochqinlar lageriga qarata o‘t ochishi natijasida bir bola o‘rtacha og‘irlikda jarohat oldi. Falastinlik manbalarning ta’kidlashicha, nishonga olingan ushbu hududlar ayni damda Isroil kuchlari nazorati ostida bo‘lmagan joylardir. Shuningdek, manbalar Isroil hamon G‘azo hududining 50 foizidan ortig‘ini bosib turganini bildirdi.
Isroil kuchlari o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganidan beri artilleriya zarbalari va o‘qotar qurollar bilan kelishuvni har kuni buzishda davom etmoqda. O‘tgan yilning oktabr oyida kelishuv kuchga kirganidan buyon Isroil hujumlari oqibatida kamida 651 falastinlik halok bo‘ldi, 1741 kishi yaralandi.
Isroil 2023-yil 8-oktyabrda G‘azoga qarshi ikki yil davom etgan va turli shakllarda davom etayotgan qirg‘in barot amaliyotini boshlagan edi. Falastin rasmiylariga ko‘ra, Isroilning G‘azodagi genotsid harakatlari natijasida 73 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 172 ming kishi yaralangan va mintaqadagi fuqarolik infratuzilmasining 90 foizi vayron qilingan. Ekspertlar G‘azodagi haqiqiy talafotlar rasmiy raqamlardan ancha yuqori bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.