Donald Trump: G‘azo Tinchlik Kengashi tuzilmoqda
AQSh prezidenti yetakchilarning "eng muhim davlatlar"dan bo'lishini aytgan kengash tarkibiga kiritilishini ma'lum qildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari (AQSh) prezidenti Donald Tramp G‘azo Tinchlik Kengashi tuzilish jarayonida ekanini va unda “dunyoning eng muhim davlatlari” rahbarlari ishtirok etishini bildirdi.
Tramp yakshanba kuni Prezident samolyotida jurnalistlarga bergan bayonotida: “Tinchlik Kengashi tuzilmoqda. Aslida, eng muhim davlatlarning eng muhim yetakchilari bo‘ladi… Eng muhim yetakchilar va davlatlarni olsangiz, Tinchlik Kengashi ham aynan shulardan iborat bo‘ladi”, — dedi.
Tramp tashabbusga qo‘shilish uchun kuchli xalqaro qiziqish mavjudligini ham ta’kidlab: “Hamma bu tuzilma tarkibida bo‘lishni istayapti”, — deya qo‘shimcha qildi.
Tramp raislik qilishi va taxminan 15 nafar jahon yetakchisini o‘z ichiga olishi kutilayotgan mazkur kengash keyinchalik tuziladigan falastinlik texnokrat hukumat faoliyatini nazorat qiladi hamda G‘azodagi qayta tiklash jarayonini kuzatib boradi.
Kengash tarkibiga kirishi kutilayotgan davlatlar orasida Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Misr va Turkiya bor. BMTning Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq maxsus vakili Nikolay Mladenov Kengashning joylardagi vakili sifatida faoliyat yuritishi mumkinligi haqida xabar berilmoqda.
Kengash shu hafta e’lon qilinishi haqidagi xabarlarga qaramay, Tramp aniq muddat aytmadi.
Tramp ma’muriyati Tinchlik Kengashini o‘tgan oy taqdim etishni rejalashtirganini bildirgan, biroq bu boradagi e’lon bir necha bor kechiktirilgan edi.
Isroil 2023-yil oktabr oyidan buyon G‘azoda, aksariyati ayollar va bolalar bo‘lgan, 71 mingdan ortiq falastinlikni o‘ldirdi va 170 mingdan ziyod kishini yaraladi.