Seshanba kuni Kalmaegi to‘foni sababli janubiy Filippinda insonparvarlik yordami bilan shug‘ullanayotgan bir vertolyot halokatga uchradi. To‘fon hozirgacha kamida 19 kishining hayotiga zomin bo‘lgan.
Sharqiy Mindanao qo‘mondonligi (EastMinCom) ma’lumotiga ko‘ra, vertolyot Mindanao mintaqasidagi Agusan del Sur viloyatida qulagan. Rappler axborot saytining xabar berishicha, qutqaruv va vayronalarni tozalash ishlari davom etmoqda.
GMA Network telekanalining xabariga ko‘ra, Filippinning ma’muriy hududi bo‘lgan Markaziy Visayasdagi Fuqarolik Mudofaasi boshqarmasi hozirgacha aniqlangan 19 kishining o‘limi cho‘kish yoki qulagan daraxt zarbasi natijasida sodir bo‘lganini ma’lum qilgan.
Yetti kishi hanuz bedarak yo‘qolgan hisoblanadi.
Yakshanba kunidan boshlab to‘fon ta’siri kutilayotgan hududlardan minglab odamlar evakuatsiya qilindi.
Mahalliy nomi Tino bo‘lgan Kalmaegi to‘foni hozirda Markaziy Visayas oroli hamda shimoldagi Luzon oroli ustida harakatlanishda davom etmoqda.
Tinoning chorshanba kechasi yoki payshanba tongida Filippinning mas’uliyat hududidan chiqib ketishi kutilmoqda.














