Eron: AQSH kema cho‘ktirilgani uchun "achchiq pushaymon bo‘ladi"
AQSH suvosti kemasining hujumi Hind okeanida Eron fregatini cho‘ktirib yubordi; o‘nlab kishilar halok bo‘ldi va bedarak yo‘qoldi, bu esa to‘qnashuvning havo va raketa zarbalari doirasidan chiqib ketishiga sabab bo‘ldi.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSHni Shri-Lanka yaqinida Eron harbiy kemasini cho‘ktirib, vahshiylik qilishda aybladi va bu holat AQSHga "achchiq pushaymonlik" keltirishidan ogohlantirdi.
Aroqchi X ijtimoiy tarmog‘ida: “AQSH Eron qirg‘oqlaridan 2000 mil uzoqlikda, dengizda vahshiylik qildi. Hindiston Harbiy-dengiz kuchlarining mehmoni bo‘lgan va bortida qariyb 130 nafar dengizchi bo‘lgan «Dena» fregati xalqaro suvlarda ogohlantirishsiz urib tushirildi”, deb yozdi. Shuningdek, u: “Aytgan so‘zimni unutmang: AQSH o‘zi yaratgan bu holatning badalini achchiq to‘laydi”, deb qo‘shimcha qildi.
“Sokin o‘lim”
Eronlik vazirning bayonoti AQSH rasmiylari Hind okeanida Amerika suvosti kemasi Eronning «IRIS Dena» fregatini cho‘ktirganini tasdiqlaganidan keyin yangradi; rasmiylar buni Vashingtonning Eronga qarshi kengayib borayotgan urushining bir qismi deb atadi.
AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset ushbu hujumni Amerika kuchlarining yetib borish quvvatini ko‘rsatuvchi “sokin o‘lim” deb ta’rifladi va kema o‘zini xalqaro suvlarda xavfsiz deb o‘ylaganini ilova qildi.
Shri-Lanka rasmiylari kema chorshanba kuni ertalab Galle port shahridan taxminan 40 kilometr janubda yordam so‘rab signal yuborganini bildirdi. Qutqaruvchilar 32 nafar ekipaj a’zosini qutqarib qolishdi, biroq o‘nlab kishilar bedarak yo‘qolgan va kamida 80 nafar dengizchi halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirilmoqda.
Shri-Lanka rasmiylariga ko‘ra, qutqaruv guruhi hududga yetib borganida kema butunlay cho‘kib ketgan va ortidan faqat neft dog‘i qolgan edi. Hozirda dengiz aviatsiyasi va patrul qayiqlari qidiruv ishlarini davom ettirmoqda. Yaqin Sharqdagi mojaroda betarafligini e’lon qilgan Shri-Lanka, xalqaro dengizchilik majburiyatlariga muvofiq yordam chaqirig‘iga javob berganini ma’lum qildi.