Kipr orolida joylashgan Britaniya Qirollik Havo Kuchlarining Akrotiri bazasiga dron hujumi amalga oshirildi
Hujum Britaniya AQSHga Eron raketalari va uchirish qurilmalariga qarshi "mudofaa" zarbalari berish uchun oroldagi bazalaridan foydalanishga ruxsat berganidan so‘ng sodir bo‘ldi.
Britaniya qurolli kuchlari Kipr orolidagi Akrotiri tumanida joylashgan RAF (Qirollik harbiy havo kuchlari) bazasiga qilingan shubhali uchuvchisiz uchish apparati (UUA) hujumiga qarshi mudofaaga o‘tdi. Ikkita UUA bazani nishonga olgan bo‘lib, ulardan biri urib tushirildi. Hodisa oqibatida qurbonlar borligi haqida ma’lumot berilmagan.
Manbalarning dushanba kuni ma’lum qilishicha, Kiprning Akrotiri hududidagi Britaniya bazasiga ikkita UUA hujum qilgan. Kiprning yunon qismi ma’muriyati ushbu hujum Britaniya bazasiga zarar yetkazganini bildirdi.
Britaniya Mudofaa vazirligi hujum yarim tunda RAF Akrotiri bazasini nishonga olganini va u yerdagi bo‘linmalar "favqulodda vaziyat" bilan shug‘ullanayotganini ma’lum qildi. Mudofaa vazirligi matbuot kotibi: "Hududdagi kuchlarimizni himoya qilish choralari eng yuqori darajada va bazamiz o‘z xodimlarini himoya qilish uchun javob qaytardi", – deb bayonot berdi.
“Mudofaa choralari”
Ushbu voqea Britaniya yakshanba kuni AQSHga Eron raketalari va uchirish qurilmalarini yo‘q qilishga qaratilgan "mudofaa" zarbalari uchun oroldagi Britaniya harbiy bazalaridan foydalanishga ruxsat berganidan so‘ng yuz berdi. Qirollik harbiy havo kuchlariga tegishli Akrotiri bazasi Britaniyaning Kiprdagi dengiz orti hududi hisoblanadi.
London yaqin vaqt ichida "mudofaa choralari" doirasida Akrotiriga qo‘shimcha kuchlar, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlari, radarlar va F-35 qiruvchi samolyotlarini joylashtirgan edi.
Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Britaniya bazalari AQSH kuchlari tomonidan mudofaa zarbalari uchun ishlatilishi mumkinligini aytar ekan, Britaniyaning "Eronga qarshi dastlabki hujumlarda qatnashmaganini va hozir ham hujumkor harakatlarda ishtirok etmasligini" alohida ta’kidladi. Starmer ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida: "Biroq Eron vayronkor strategiya yuritmoqda, shuning uchun mintaqadagi ittifoqchilarimiz va xalqimizning jamoaviy o‘zini-o‘zi mudofaa qilishini qo‘llab-quvvatlaymiz", – deb yozdi.