Turkiya Netanyaxuni keskin qoraladi
Turkiya, Prezident Erdo‘g‘anni nishonga olgan bayonotlari sababli Netanyaxuni keskin qoraladi.
Turkiya, Prezident Erdo‘g‘anni nishonga olgan bayonotlari sababli Binyamin Netanyaxuni tanqid qilib; «uning hech kimga saboq beradigan na axloqiy qadriyati, na qonuniy asoslari bor»ligini bildirdi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Burhanettin Duran shanba kuni «X» ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida mavzu haqida: «G‘azoda genotsidni boshqarayotgan va mintaqada yetti davlatga qarshi hujum uyushtirgan Netanyaxu nochorlik ichida prezidentimizni nishonga olishga jur’at qilmoqda» - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Duran Netanyaxuni «unga nisbatan hibsga olish qarorlari chiqarilgan va endi deyarli ittifoqchilari qolmagan jinoyatchi» deb atab, uning siyosati hokimiyatda qolish maqsadida mintaqani beqarorlik va mojaroga sudrab borayotganini ta’kidladi.
Duran o‘z so‘zida shuningdek: «Insoniyatga qarshi sodir etgan jinoyatlari uchun u ertami - kech javob beradi», - dedi.
Shuningdek, Anqaraning yanada adolatli, tinch va xavfsiz dunyo uchun zolimlarga qarshi kurash olib borishni davom etish borasidagi qat’iyatini yana bir bor tasdiqladi.
Haqiqatlardan bezovtalik
Turkiya Tashqi Ishlar vazirligi ham Netanyaxuga keskin munosabat bildirib, uning Turkiya prezidentini nishonga olishiga sabab «biz har platformada tilga olayotgan haqiqatlardan kelib chiqqan bezovtalik» ekanini qayd etdi.
Vazirlik Netanyaxuni sodir etgan jinoyatlari va mintaqadagi tajovuzkor siyosati sababli «zamonaviy davrning Gitleri» deb atadi.
Bayonotda Xalqaro jinoiy sud (UCM) tomonidan chiqarilgan hibsga olish qaroriga ham e’tibor qaratilib, Netanyaxuning davom etayotgan tinchlik muzokaralarini izdan chiqarish va kengaytirish siyosatini davom ettirish haqidagi urinishlari ustidan ogohlantirildi.
Vazirlik, shuningdek, Turkiya begunoh tinch aholini qo‘llab - quvvatlash va Netanyaxu sodir etgan jinoyatlari uchun javobgarchilikka tortilishi borasidagi fikrida qarorli ekanliklarini ta’kidladi.
Isroil 2023 - yilning oktabr oyida G‘azoga qarshi keng ko‘lamli hujum uyushtira boshladi. O‘shandan buyon 72 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, qariyb 172 ming kishi yaralangan hamda mintaqadagi tinch aholi infratuzilmasining taxminan 90 foizi vayron qilingan.
Xalqaro jinoiy sud 2024 - yili G‘azoda sodir etilgan harbiy jinoyatlar yuzasidan Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantga nisbatan hibsga olish qarori chiqargan.