Putin Rossiyaning Ukrainada gʻalaba qozonishiga ishonishini bildirdi

Vladimir Putin, Rossiya xalqini Ukrainada jang qilayotgan qahramonlarini qoʻllab - quvvatlashga chaqirar ekan, bu borada «Biz sizga va g‘alabamizga ishonamiz» - dedi.

By
_

Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin Yangi yil kechasi soʻzlagan nutqida, mojaro to‘rtinchi yiliga yaqinlashar ekan, mamlakati Ukrainada gʻalaba qozonishiga ishonchi komil ekanini bildirdi.

Kecha (31.12.2025) qilgan murojaatida Vladimir Putin, Rossiya xalqini Ukrainada jang qilayotgan qahramonlarini qoʻllab - quvvatlashga chaqirar ekan, bu borada «Biz sizga va g‘alabamizga ishonamiz» - dedi.

Putinning an’anaviy nutqi avval 2026 - yilga birinchi bo‘lib kirgan Rossiyaning Uzoq Sharqidagi Kamchatka yarim orolida efirga uzatildi.

U, Ukrainadagi jangchilar va qo‘mondonlarni Yangi yil bilan tabriklab, «Ishoning, Rossiyaning to‘rt burchagidagi millionlab inson siz haqingizda o‘ylamoqda», - degan ifodalarga oʻrin berdi.

Ukrainadagi mojaro insoniy jihatdan ancha qimmatga tushdi; har ikki tomondan halok bo‘lgan askarlar soni o‘n ming nafarlab, hatto yuz ming nafarlab ekani taxmin qilinmoqda.

Bu yil, 31 - dekabr kuni Putinning hokimiyatga kelishiga 26 yil toʻldi.

1999 - yili Yangi yil kuni kechasi Boris Yelsinning iste’foga chiqishi ortidan Vladimir Putin Rossiya Davlat rahbari boʻlgan.

Sovet yetakchisi Leonid Brejnev tomonidan boshlangan an’anani davom ettirgan holda, televideniyeda namoyish etiladigan Yangi yil kechasi nutqi, Rossiyada bayramlarning ajralmas qismi bo‘lib, millionlab xonadonlarda tomosha qilinadi.

Ushbu nutq Rossiyadagi 11 ta vaqt hududining har birida yarim tundan sal oldin davlat televideniyesi orqali efirga uzatiladi.