Erdo‘g‘an: Turkiya G‘azodagi voqealar haqida haqiqatni aytishda davom etadi

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Anqara Falastin xalqini qo'llab-quvvatlashdan voz kechmasligini ta’kidladi.

By
Prezident Erdo'g'an Anqarada Prezident Madaniyat va san'at mukofotlari taqdirlash marosimida ishtirok etdi. / AA

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an G‘azoda yuz berayotgan voqealar unutilmasligi va adolat qaror topishi uchun barcha jabhalarda kurashni qat’iyat bilan davom ettirishlarini urg‘uladi.
Erdo‘g‘an payshanba kuni poytaxt Anqarada o‘tkazilgan madaniyat va san’at mukofotlari topshirish marosimida so‘zlagan nutqida:
“Turkiya G‘azoda sodir bo‘layotganlarning unutilmasligi va adolat qaror topishi uchun har bir jabhada qat’iyat bilan kurashni davom ettiradi”, — dedi.

Prezident Erdo‘g‘an:
“Haqqiqatni hayqirishni shior qilgan davlat va boshqaruv sifatida biz ham Falastin xalqi tomonida egilmasdan, bukilmasdan, tik turibmiz”, — deya ta’kidladi.

‘Jasoratli’ OAV

Erdo‘g‘an, shuningdek, G‘azoda yuz berayotgan voqealarni yoritishda “jasoratli” pozitsiya namoyon etgani uchun Turkiya ommaviy axborot vositalarini e’tirof etdi.
Prezident:
“G‘azo genotsidini yoritishda, avvalo, TRT va Anadolu agentligimiz boshchiligida turk matbuot tashkilotlari haqiqatan ham jasoratli pozitsiya ko‘rsatdi”, — dedi.

Erdo‘g‘an Anadolu agentligining falastinlik fotomuxbiri Ali Jadallohni ham alohida e’tirof etib:
“Uning kadrlari faqat G‘azodagi qirg‘inning dahshatli miqyosini emas, balki Falastin xalqining haq, sharafli va g‘ururli qarshiligini ham butun ulug‘vorligi bilan insoniyat kun tartibiga olib chiqdi”, — dedi.

Prezident, shuningdek, shunday dedi:
“G‘azoda ikki yil davom etgan vahshiy genotsidni suratlar orqali butun dunyoga fosh etgan, obyektivi bilan ‘madaniyatli’ deb ataladigan dunyoning yuziga haqiqatni urgan Ali birodarimiz ayni paytda Anadolu agentligimizning fotomuxbiri sifatida maydonda xizmat qilmoqda”.