AQSh Janubiy Koreya mudofaasini kuchaytirish uchun 111,8 million dollarlik qurol sotuvini ma’qulladi

Janubiy Koreya mintaqadagi ehtimoliy tahdidlarni jilovlash va harbiy tayyorgarligini mustahkamlash maqsadida AQShdan 624 dona kichik kalibrli bomba xarid qiladi.

By
AQSh bombalari Janubiy Koreyaning harbiy tayyorgarligi va xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan. [Arxiv fotosi] / AFP

AQSh Davlat departamentining xabar berishicha, Mudofaa xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik agentligi (Defense Security Cooperation Agency) juma kuni Janubiy Koreyaga 111,8 million dollarlik qurol sotuvini tasdiqladi.

Agentlikning ma’lumotiga ko‘ra, Janubiy Koreya qo‘shimcha 624 dona GBU-39/B Small Diameter Bomb (Kichik Diametrli Bomba) sotib olishni so‘ragan. Bu bombalar jangovar uchuvchilar tomonidan yer usti nishonlariga yuqori aniqlik bilan tashlanadi va tanklar hamda boshpanalarni yo‘q qilish qudratiga ega aniq boshqariladigan qurol sifatida tanilgan.

Agentlik bu savdo “Osiyo-Tinch okeani mintaqasida siyosiy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyot uchun muhim ittifoqchi bo‘lgan Janubiy Koreya xavfsizligini mustahkamlash orqali AQShning tashqi siyosati va milliy xavfsizlik maqsadlarini qo‘llab-quvvatlaydi”, deb bayon qildi.

Shuningdek, bombalar Janubiy Koreyaga “mavjud va kelajakdagi tahdidlarga qarshi mudofaa qilish, mintaqadagi tajovuzni jilovlash” imkonini berishi, hamda Janubiy Koreya kuchlarining AQSh qo‘shinlari bilan uyg‘un ishlashini ta’minlashi ta’kidlandi.

Qurollar AQShning Boeing mudofaa kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Savdo doirasida Janubiy Koreyaga qo‘shimcha AQSh hukumati xodimlari yoki pudratchilarini yuborish talab etilmaydi.