Rossiya bilan Ukraina 175 nafardan harbiy asirni o‘zaro almashdi

Rossiya bilan Ukraina, pravoslav Pasxasi munosabati bilan e’lon qilingan vaqtinchalik sulh paytida 175 nafardan harbiy asirni o‘zaro almashdi.

By
_

Rossiya bilan Ukraina 2026 - yil 11 - aprel, shanba kuni 175 nafardan harbiy asirni o‘zaro almashdi. Har ikki tomon tasdiqlagan ushbu almashinuv urush boshlanganidan buyon tomonlar o‘rtasida hamkorlik kuzatilgan kam sonli masalalardan biri sifatida ajralib turdi. Almashinuv Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtamchiligida amalga oshirilgani ma’lum qilindi. Rossiya, shuningdek, Ukraina qo‘lida bo‘lgan Kursk viloyatidan yetti nafar tinch aholi ham qaytarilganini bildirdi.

Asirlar almashinuvi pravoslav Pasxasi munosabati bilan e’lon qilingan vaqtinchalik sulhdan oldin amalga oshirildi. Kreml ma’lumotiga ko‘ra, sulh 11 - aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da boshlanib, yakshanba kuni oxirigacha davom etadi. Shu tariqa jami 32 soatlik sulh davri rejalashtirilgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyev sulhga rioya qilishga tayyor ekani ammo Rossiya tomonidan har qanday buzilishlarga munosib javob qaytarilishini ta’kidladi.

Biroq sulh boshlanishidan oldin har ikki tomon ham tunda hujumlarni davom ettirdi. Ukraina rasmiylariga ko‘ra Rossiya mamlakat bo‘ylab 160 ta insonsiz havo transportini uchirgan, ulardan 133 tasi urib tushirilgan. Odessa viloyatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan va harbiy bo‘lmagan infratuzilmaga ziyon yetgan. Rossiya esa Ukraina dronlari janubdagi Krasnodar o‘lkasida nishonlarga zarba berganini va ayrim inshootlarga ziyon yetkazganini bildirdi. Rossiya tomonidan tayinlangan rasmiylar, shuningdek, bosib olingan Donetsk hududida ham Ukraina hujumlari oqibatida qurbonlar borligini ma’lum qildi.

Shunga qaramay ham Moskvada, ham Kiyevda Pasxa munosabati bilan e’lon qilingan vaqtinchalik sulhning amalda bajarilishiga nisbatan jiddiy shubhalar mavjud. Tomonlar o‘tgan yili ham pravoslav Pasxasi davrida shunga o‘xshash sulh e’lon qilgan biroq keyinchalik bir -birini uni buzishda ayblagan edi. Shu sababli, hozirgi kelishuv mojaroning borishini tubdan o‘zgartiradigan burilish nuqtasidan ko‘ra, cheklangan va mo‘rt vaqtinchalik choralar sifatida baholanmoqda.