Isroil G‘arbiy Sohilda falastinliklar uyini buzib tashlamoqda
Isroil ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda falastinliklar uyini buzib tashlamoqda.
Guvohlarning aytishicha, ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohil hududida, Ramallohning g‘arbida joylashgan Beyt Likya shaharchasida Isroil kuchlari tomonidan seshanba kuni (24.02.2026) uchta uy va bitta qishloq xo‘jaligi inshooti buzib tashlangan. Ularning ta’kidlashicha, buzish ishlari ortib bormoqda.
Anado‘lu axborot agentligiga (AA) gapirgan guvohlar, Isroil askarlari buldozerlar yordamida shaharchaga kirib; binolarni ruxsatsiz qurilganini iddao etgan holda buzganini ma’lum qildi.
Falastin hududlarida Ramazon oyining yettinchi kunida sodir bo‘lgan ushbu hodisa, Isroil, musulmonlar uchun ro‘za oyining qay darajada muhim ekanini e’tiborga olmayotgandek taassurot uyg‘otdi.
Isroil odatda qurilish ruxsatnomasining yo‘qligini bahona qilib, G‘arbiy Sohilning ayrim hududlarida falastinliklarning uy va inshootlarini buzmoqda.
Rasmiy organ — Falastin Devor va aholi punktlariga qarshilik ko‘rsatish komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil yanvar oyida ko‘palb binoni buzib tashlagan. Ulardan 77 tasi yashash uchun foydalanilayotgan edi. Endilikda, asosan al - Xalil viloyatida 40 ta binoni buzish uchun buyruq chiqarilgan.
Isroilning G‘azoga qarshi uyushtirgan urushi 2023 - yilning oktabr oyida boshlanar ekan, undan beri bosib olingan G‘arbiy Sohilda zo‘ravonlik avj oldi. Falastin ma’lumotlariga ko‘ra, G‘arbiy Sohilda 1 ming 116 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, qariyb 11 ming 500 kishi yaralangan va taxminan 22 ming kishi hibsga olingan.
2024 - yilning iyul oyida Xalqaro Adliya Sudi tarixiy qarorida Isroilning Falastin hududlaridagi ishg‘olini noqonuniy deb e’lon qilib, G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusdagi barcha aholi punktlarini bo‘shatishni talab qilgan.