Ispaniyada tez yurar poyezd halokati sodir bo'ldi

Ispaniya OAV xabar berishicha, ikki poyezdda jami 400 yo‘lovchi bo‘lgan.

By
RTVE xabariga ko'ra, ikkala poyezdda ham halok bo'lganlar bor. / Reuters

Favqulodda xizmatlar ma’lumotiga ko‘ra, Ispaniyaning janubida yuzlab yo‘lovchini olib ketayotgan ikki yuqori tezlikdagi poyezd to‘qnashib ketishi oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘ldi, 70 nafardan ortiq kishi jarohat oldi.

Ispaniya temiryo‘l operatori Adif X (sobiq Twitter) orqali bergan xabarga ko‘ra, fojea yakshanba kuni Malaga–Madrid yo‘nalishida harakatlanayotgan yuqori tezlikdagi poyezd Adamuz yaqinida relsdan chiqib, qarama-qarshi yo‘lga o‘tib ketgani va boshqa bir poyezd bilan to‘qnashgani natijasida yuz bergan. To‘qnashuv zarbasi sabab ikkinchi poyezd ham relsdan chiqib ketgan.

Politsiya vakili dastlab AFP agentligiga Kordoba viloyatidagi halokatda besh kishi halok bo‘lganini aytgan, biroq qisqa vaqt o‘tib qurbonlar soni 21 nafarga yangilangan. Andalusiya mintaqasining eng yuqori darajadagi favqulodda vaziyatlar rasmiysi Antonio Sanz matbuot anjumanida kamida 73 kishi jarohat olganini ma’lum qildi.

Ispaniya OAVlari vagonlarda qisilib qolgan yo‘lovchilar sabab jarohatlanganlar soni 100 nafargacha yetishi mumkinligini bildirdi. Kordoba o‘t o‘chirish xizmati boshlig‘i Fransisko Karmona davlat telekanali RTVEga bergan intervyusida shunday dedi: “Muammo shundaki, vagonlar bukilib ketgan, odamlar metall uyumlari orasida siqilib qolgan. Tirik odamga yetib borish uchun hatto bir jasadni ham chiqarishga majbur bo‘ldik. Juda og‘ir va mashaqqatli ish olib boryapmiz”.

RTVEga gapirgan bir guvoh, birinchi poyezd vagonlaridan biri butunlay ag‘darilib ketganini aytdi. Televideniye lavhalarida tibbiy brigadalar va o‘t o‘chirish xizmatlarining voqea joyidagi ishlari aks etdi. Poyezdlardan birida ketayotgan davlat radiosi RNE muxbiri to‘qnashuv lahzasini “zilzila”ga qiyosladi. Uning aytishicha, yo‘lovchilar vagonlardan chiqish uchun favqulodda bolg‘achalar bilan oynalarni sindirishga majbur bo‘lgan.

“Qo‘rqinchli filmga o‘xshaydi”

Relsdan chiqqan birinchi poyezdda ketayotgan Lukas Meriako La Sexta telekanaliga: “Bu joy xuddi qo‘rqinchli filmga o‘xshaydi”, dedi. U so‘zida: “Orqadan juda kuchli zarba bo‘ldi, butun poyezd qulab tushadigandek, parchalanib ketadigandek tuyuldi… oynalar singani sabab ko‘plab jarohatlanganlar bor edi”, deya qo‘shimcha qildi.

Ispaniya OAVlari ikki poyezdda jami 400 yo‘lovchi bo‘lganini xabar qildi. Adif Madrid bilan Andalusiya shaharlari (Kordoba, Sevilya, Malaga va Uelva) o‘rtasidagi yuqori tezlikdagi poyezd qatnovlari hozircha dushanba kuni davomida to‘liq to‘xtatilganini e’lon qildi. Shuningdek, Madrid, Sevilya, Kordoba, Malaga va Uelva vokzallarida qurbonlar yaqinlariga yordam ko‘rsatish uchun maxsus hududlar tashkil etilgani bildirildi.

Qirollik saroyi X orqali tarqatgan bayonotida Qirol Felipe VI va Qirolicha Letisiya voqeani “katta tashvish bilan” kuzatayotganini bildirib, “Vafot etganlarning yaqinlariga eng samimiy hamdardliklarimizni bildiramiz, jarohatlanganlarga esa tezroq sog‘ayib ketish tilaklarimizni yo‘llaymiz”, dedi.

Ispaniya Madrid, Barselona, Sevilya, Valensiya va Malaga kabi yirik shaharlarni bog‘laydigan 3 ming kilometrdan ortiq tarmoqqa ega bo‘lgan holda, Yevropadagi eng yirik yuqori tezlikdagi temiryo‘l tizimiga ega ekanini faxr bilan ta’kidlaydi. Mamlakat eng halokatli temiryo‘l fojealaridan birini 2013 yilda boshdan kechirgan — o‘shanda Madriddan Galisiyaga ketayotgan yuqori tezlikdagi poyezd relsdan chiqib, 79 kishi halok bo‘lgan, 179 kishi jarohatlangan edi.