Istanbulda AQSH va Eron o‘rtasida diplomatik muzokaralar o‘tkaziladi

Oq uy vakili Stiv Vitkoff va Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining turli Arab va musulmon davlatlari vakillari bilan birgalikda Istanbulda uchrashishi kutilmoqda.

By
Bir qator mintaqaviy davlatlar, jumladan Turkiya ham, AQSh va Eron oʻrtasidagi keskinlikni yumshatish uchun aralashdi. / Reuters

Tehron yadroviy muzokaralarni qayta boshlashni talab qilgani va Vashington kelishuvga erishilmasa, uning oqibatlari og‘ir bo‘lishidan ogohlantirganidan so‘ng, Arab rasmiysi AFP nashriga 6-fevral kuni Turkiyada AQSH va Eron o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilishi ehtimoli yuqoriligini bildirdi. Mazkur rasmiy vakil, o‘ta nozik muzokaralar haqida ma’lumot berar ekan, ismi sir qolishi sharti bilan, juma kuni Turkiyada AQSH muzokarachilari va Eronning yuqori lavozimli mulozimlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lishi mumkinligini aytdi. Shuningdek, u ushbu uchrashuv Turkiya, Misr, Qatar va Ummonning diplomatik sa’y-harakatlari natijasida tashkil etilganini qo‘shimcha qildi.

Boshqa tomondan, AQSH rasmiysi dushanba kuni Prezident Donald Trampning maxsus vakili Stiv Vitkoff va Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi juma kuni Istanbulda yadroviy kelishuv va boshqa masalalarni muhokama qilishni rejalashtirayotganini bildirdi. U: "Prezident ularning kelishuvga erishishini xohlamoqda. Uchrashuv ularning aytadiganlarini tinglash uchun o‘tkazilmoqda", — deb ta’kidladi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi mulozimi har ikki tomon ham uzoq yillik yadroviy nizo bo‘yicha diplomatiyani qayta tiklashga va yangi mintaqaviy urush xavfini bartaraf etishga tayyorligini ma’lum qilganidan so‘ng, Tehron AQSH bilan muzokaralarni qayta boshlash shartlarini ko‘rib chiqmoqda.

Juma kungi uchrashuv haqida birinchi bo‘lib Axios xabar sayti ma’lumot berdi. Saytda yozilishicha, sammitda Turkiya, Pokiston, Qatar, Misr, Ummon, BAA va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirlarining ishtirok etishi kutilmoqda. Axios manbaga tayanib, uchrashuvni "eng yaxshi ssenariy" deb atadi, biroq voqea sodir bo‘lmaguncha hech narsa aniq emasligidan ogohlantirdi.

Prezident Tramp esa Eron bilan muzokaralar natija bermasa, falokat yuz berishi mumkinligini aytishda davom etmoqda. U dushanba kuni kelishuvsiz "yomon voqealar sodir bo‘lishi mumkinligini" ta’kidlab, shunday dedi: "Hozir Eronga qarab ketayotgan kemalarimiz bor, eng yirik va eng yaxshi kemalar. Eron bilan muzokaralarimiz davom etmoqda. Hammasi qanday yakunlanishini ko‘ramiz. Agar kelisha olsak, bu ajoyib bo‘ladi. Agar uddalay olmasak, ehtimol, yomon ishlar yuz beradi."

Tehron muloqotga tayyor ekanini ma’lum qildi

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Tehron diplomatiyaga tayyorligini ta’kidladi. Dushanba kuni Eron inqilobi me’mori Ruhulloh Xumayniy maqbarasini ziyorat qilish chog‘ida u shunday dedi: "Diplomatiyaning ham o‘z prinsiplari bor. Umid qilamanki, yaqin orada natijalarni ko‘ramiz. O‘tgan yili 12 kunlik urush yoki namoyishlar orqali maqsadiga erisha olmagan Eron dushmanlari endi diplomatiyani afzal ko‘rishdi. Eron har doim o‘zaro hurmat va manfaatlar hisobga olingan holda bu yo‘lga tayyor bo‘lgan."

Aroqchining ushbu bayonotlari mintaqada AQSH harbiy kuchlari kuchayishi va ikki davlat o‘rtasidagi keskinlik ortgan bir vaqtda yangradi.