AQSh qariyb sakson yildan so‘ng Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan chiqdi

Tramp ma’muriyati chiqish sababini pandemiya davridagi muvaffaqiyatsizliklar va siyosiy tarafkashlik bilan izohladi.

By
Arxiv fotosurati: Ushbu illyustratsiyada Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) logotipi va AQSh bayrog'i ko'rinadi. / Reuters

AQSh rasmiylari Amerika Qo‘shma Shtatlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan rasman chiqish jarayonini yakunlaganini va BMTning sog‘liqni saqlash agentligidagi qariyb 78 yillik a’zolik tugaganini ma’lum qildi.
Xalqaro qoidalarga muvofiq talab etiladigan bir yillik xabardor qilish muddati yakunlangach, chiqish 2026-yil 22-yanvardan kuchga kirdi.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio hamda Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vaziri Robert F. Kennedy Jr. qo‘shma bayonotida AQShning JSSTdan chiqgani va tashkilotning “cheklovchi tuzilmasidan” xalos bo‘lgani e’lon qilindi.
Rasmiylar bunga asos sifatida JSSTning COVID-19 pandemiyasi davridagi faoliyatini ko‘rsatdi. Bayonotda epidemiyaning Uxanda boshlangan davridagi boshqaruv keskin tanqid qilinib, agentlik siyosiylashgan va byurokratik kun tartibini yuritgani, o‘z vaqtida axborot almashuviga to‘sqinlik qilgani hamda AQShga muxolif davlatlar ta’siri ostida Vashington manfaatlariga zid harakat qilgani iddao qilindi.

Bayonotga ko‘ra, AQShning JSST bilan aloqalari bundan buyon faqat chiqish jarayonini yuritish va amerikaliklarning sog‘lig‘i hamda xavfsizligini himoya qilish bilan cheklanadi. Shuningdek, AQShning JSST doirasidagi barcha moliyaviy va kadrlar hissasi to‘xtatilgani, amerikalik xodimlar chaqirib olingani va mamlakatning global sog‘liqni saqlash bo‘yicha e’tibori bevosita ikki tomonlama hamkorliklar hamda mustaqil yondashuvlarga yo‘naltirilgani bildirildi.

JSST Bosh direktori Tedros Adhanom Ghebreyesus qarordan chuqur afsusda ekanini bir necha bor ta’kidlab, chiqishni “yutqaz-yutqaz” natija beruvchi va noto‘g‘ri qadam sifatida baholadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 1948-yil 7-aprelda tashkil etilgan. Amerika Qo‘shma Shtatlari 1946-yilda tashkilot nizomining ilk imzolovchilari qatorida bo‘lgan va 1948-yil iyun oyida uni rasman tasdiqlab, asoschi a’zo sifatida qatnashgan.

AQSh Prezidenti Donald Trump ayniqsa COVID-19 jarayoni davomida va undan keyin JSSTning eng keskin tanqidchilaridan biri bo‘lib kelgan. Tramp tashkilotni pandemiyaning dastlabki bosqichlarini yomon boshqarganlikda, Xitoyga haddan tashqari yaqinlikda, Pekindan kelgan noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatganlikda va Xitoydan AQShga sayohat cheklovlarini “irqchilik” deb atab, inqirozni siyosiylashtirganlikda ayblagan.

Shuningdek, Tramp AQShning Xitoyni ham qo‘shganda ko‘plab davlatlarga nisbatan ancha ko‘p mablag‘ to‘laganini, biroq buning evaziga adolatsiz munosabat ko‘rilganini aytib, “nohaq moliyaviy yuk” tanqidini ilgari surgan. Ikkinchi prezidentlik muddati davrida aynan shu tanqidlar asosida 2025-yilda AQShni JSSTdan chiqarish qarorini qabul qilgan va shu tariqa qariyb sakkiz o‘n yillikka yaqin a’zolik hamda moliyaviy ishtirok yakunlangan.