Eron namoyishlarida qurbonlar soni 3 mingdan oshdi, internet asta-sekin qaytmoqda
Hudud aholisi bosim choralari noroziliklarni katta darajada bostirganini aytar ekan, davlat OAVlari hibsga olishlar ko‘payganini, hatto Kaspiy dengizining shimolidagi shaharlarda ham ko‘chalar tinchiganini bildirmoqda.
Bir huquqni himoya qiluvchi tashkilot shanba kuni bergan bayonotida, Eron bo‘ylab namoyishlarda 3 mingdan ortiq kishi halok bo‘lganini, sakkiz kunlik internet uzilishidan so‘ng mamlakatda internet faolligida “juda ozgina o‘sish” qayd etilganini ma’lum qildi. AQShda joylashgan HRANA guruhi, hudud aholisi bosim noroziliklarni hozircha katta darajada bostirganini aytayotgani va davlat OAVlari hibslar ko‘payganini xabar qilayotgan bir paytda, 2 885 nafari namoyishchi bo‘lgan jami 3 090 o‘lim holati tasdiqlanganini bildirdi.
Reuters’ga gapirgan bir nechta fuqaro poytaxt Tehron oxirgi to‘rt kun davomida nisbatan tinch bo‘lganini, shahar uzra uchuvchisiz uchish apparatlari parvoz qilganini, biroq payshanba va juma kunlari yirik namoyishlar alomatlari kuzatilmaganini aytdi. Kaspiy dengizi sohilidagi shimoliy shaharlardan birida yashovchi fuqaro ham u yerda ko‘chalar tinch ko‘ringanini bildirdi.
Noroziliklar 28-dekabr kuni iqtisodiy qiyinchiliklar sabab boshlangan va keyinchalik keng ko‘lamli namoyishlarga aylangan. Internet monitoringi bilan shug‘ullanuvchi NetBlocks guruhi 200 soatlik uzilishdan so‘ng X platformasida shunday yozdi: “O‘lchovlar bugun ertalab Eronda internet ulanishida juda ozgina o‘sishni ko‘rsatmoqda.” Shu bilan birga, ulanish darajasi odatdagi ko‘rsatkichlarning qariyb 2 foizi atrofida qolayotgani qayd etildi.
Chet elda yashayotgan bir nechta eronliklar ijtimoiy tarmoqlarda shanba kuni erta tongda Eron ichidagi foydalanuvchilar bilan xabar almashishga muvaffaq bo‘lganlarini yozdi.
Eron namoyishchilarini qatl etish holatida “juda keskin choralar” bilan tahdid qilgan AQSh prezidenti Donald Trump, Tehrondagi rahbarlar ommaviy qatl rejalarini bekor qilganini aytdi. Trump ijtimoiy tarmoqdagi postida: “Barcha rejalashtirilgan qatl jazolarining, kecha (ulardan 800 dan ortig‘i) amalga oshirilishi kerak bo‘lganlarining Eron rahbariyati tomonidan bekor qilinganiga katta hurmat bildiraman. Rahmat!” deb yozdi.
Eron tomoni esa bunday qatl rejalari mavjud bo‘lgani yoki ularning bekor qilingani haqida hech qanday ma’lumot bermadi.