Fidon: Global tizim islohatsiz yashay olmaydi — BMT “legitimlik inqirozi”da
Turkiya tashqi ishlar vaziri davlatlarni kuchli birdamlikka chaqirdi va G‘azo fojeasi xalqaro tizimning muvaffaqiyatsizliklarini ochib berganini ta’kidladi.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan global tartibda “chuqurlashayotgan falajlik” mavjudligini aytib, bu hol xalqaro institutlarga bo‘lgan ishonchni yemirayotganini va davlatlarni bir tomonlama harakatlarga majbur qilayotganini bildirdi hamda “legitimlik inqirozi” haqida ogohlantirdi.
Shanba kuni Istanbulda o‘tkazilgan TRT World Forumda nutq so‘zlagan Fidan, dunyo endi bir qutbli tuzumdan uzoqlashganini, yangi global tartibni “ko‘p tomonlamalik asosida barpo etamizmi yoki vayronkor raqobatlarga qaytamizmi” degan savolga javob topishi lozimligini ta’kidladi.
Fidan, hamkorlik va inklyuzivlik tamoyillariga asoslangan “kuchli va isloh qilingan xalqaro tizim” zarurligini aytib, “Bugun duch kelayotgan muammo — qoidalar yo‘qligi emas, balki ularning teng qo‘llanilmasligidir,” dedi.
U ayniqsa Birlashgan Millatlar Tashkilotini tubdan isloh qilish kerakligini urg‘ulab, bu tuzilma “asosiy va’dalarini bajarishda tobora qiynalayotganini” bildirdi.
Fidanga ko‘ra, Turkiya “bir nechta davlatni imtiyozli qiladigan emas, balki ko‘pchilikni kuchaytiradigan, yanada demokratik va vakillikka asoslangan BMT Xavfsizlik Kengashi”ni yoqlaydi.
“G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish hali ham nozik”
Fidan Yaqin Sharqdagi vaziyatga ham to‘xtalib, “legitimlikning yemirilishi va global boshqaruvdagi falajlik”ning eng fojeali ko‘rinishi G‘azoda namoyon bo‘lganini ta’kidladi.
U, Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on rahnamoligida Turkiya “genotsidni to‘xtatish” va adolatni targ‘ib etish maqsadida diplomatik sa’y-harakatlarga boshchilik qilayotganini, bu jarayonda G‘azo bo‘yicha Islom Hamkorlik Tashkiloti – Arab Ligasi Qo‘shma Aloqa Guruhining tuzilgani ham muhim qadamlardan biri bo‘lganini eslatdi.
Fidan, Nyu-York va Sharm ash-Shayxda o‘tgan so‘nggi uchrashuvlarni “tinchlik sari muhim qadamlar” deb atadi, biroq Isroilning davom etayotgan hujumlari tufayli o‘t ochishni to‘xtatish hali ham mo‘rtligini qayd etdi.
“Adolatli va barqaror tinchlik,” dedi Fidan, “faqat ikki davlatli yechim amalga oshirilganda va G‘azo falastinliklar tomonidan boshqarilganda erishilishi mumkin.”