Mudofaa vazirligi: Turkiya qulagan uchuvchisiz uchish apparatlarining qoldiqlarini tekshirmoqda
Kontr-admiral Zeki Akturk Gretsiya, Kipr Rum ma’muriyati va Isroil o‘rtasidagi harbiy hamkorlik Turkiya uchun harbiy tahdid emasligini aytdi.
Turkiya Mudofaa vazirligi Balıkesir va Ko’jaeli viloyatlarida qulagan uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) qoldiqlari tekshirilayotganini va xulosalar olingach, ular jamoatchilik bilan baham ko‘rilishini ma’lum qildi.
Mudofaa vazirligining matbuot va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi hamda so‘zchisi kontr-admiral Zeki Akturk payshanba kuni mudofaa sanoati giganti ASELSAN’ning 50 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘zga chiqdi. Aktürk 15-dekabr kuni Qora dengiz ustida Turkiya havo hududiga yaqinlashayotganda urib tushirilgan UUA qoldiqlari “juda kichik bo‘laklarga bo‘linib, keng hududga sochilib ketgani sababli” hozircha to‘liq yig‘ib olinmaganini bildirdi.
Akturk jurnalistlarga: “Havo hududimiz nazorati radarlar, elektro-optik sensorlar, quruqlik, dengiz va havo unsurlari hamda NATO integratsiyalashgan tuzilmasini o‘z ichiga olgan ko‘p qatlamli arxitektura orqali 7 kun 24 soat uzluksiz ta’minlanmoqda va bu borada hech qanday zaiflik yo‘q,” dedi.
U past radar aks ettirish maydoniga ega, kichik va past balandlikda uchuvchi UUA’lar Turkiya hamda barcha mamlakatlar uchun “yangi avlod tahdidi” ekanini ta’kidladi.
“Xulosa qilib aytganda, mazkur voqealar havo mudofaasi zaifligidan ko‘ra, Ukraina–Rossiya o‘rtasida davom etayotgan urush sabab UUA’lardan foydalanishning ortib borayotganini aks ettiradi. Turkiya UUA’larga qarshi qo‘shimcha choralar ko‘rmoqda, milliy loyihalar va ittifoqchilar bilan integratsiya orqali havo mudofaasi salohiyatini doimiy ravishda rivojlantirmoqda va havo hududi xavfsizligini qat’iyat bilan ta’minlashda davom etadi,” dedi.
Suriyadagi vaziyat
Akturk PKK/YPG tomonidan sodir etilgan so‘nggi terror hujumlari Suriya hududiy yaxlitligi va barqarorligiga zarar yetkazayotganini, murosaga kelish jarayonini to‘sib qo‘yayotganini aytdi.
Kontr-admiral Akturk: “Mintaqasida tinchlik va barqarorlikni shakllantirishga intilayotgan Turkiyaning pozitsiyasi aniq va hammaga ma’lum. Turkiya shu yo‘nalishda Suriya hukumati bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishga va ‘Yagona davlat, yagona armiya’ tamoyilini qo‘llab-quvvatlashga qat’iydir,” dedi.
Gretsiya, Isroil va Kipr Rum ma’muriyati kelishuvi
So‘nggi uch tomonlama sammitda boshlangan Gretsiya, Kipr Rum ma’muriyati va Isroil o‘rtasidagi harbiy hamkorlik “Turkiya uchun harbiy tahdid emasligini” ta’kidlagan Akturk, Turkiya NATO ittifoqi doirasida Egey va Sharqiy O‘rta yer dengizida konstruktiv muloqotni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Akturk Turkiyaning Shimoliy Kipr Turk Respublikasining xavfsizligi va huquqlari borasidagi pozitsiyasi “ochiq va o‘zgarmas” ekanini ham qo‘shimcha qildi.
“Turkiya o‘ziga kafillik maqomi bergan vakolatlardan bugungacha chekinmaganidek, bundan keyin ham chekinmaydi,” deya urg‘ulagan Akturk, “Xulosa qilib aytganda, Egey va Sharqiy O‘rta yer dengizida keskinlikni kuchaytirayotgan tomon Turkiya emas, balki cheklovchi va bir tomonlama qadamlar hamda oldindan kelishilmagan holatlarni yaratishga qaratilgan yondashuvlardir,” dedi.